Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov Pokiston Bosh vazir o‘rinbosari va Tashqi ishlar vaziri Muhammad Ishoq Dar bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Ozarbayjon TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Tomonlar Pokiston va Hindiston o‘rtasidagi vaziyatning keskinlashuvini muhokama qildilar. Pokiston tashqi ishlar vaziri Hindiston tomonidan Pokiston hududiga yaqinda berilgan raketa zarbalari, shuningdek, ko‘rilayotgan qarshi choralar haqida ma’lumot berdi.
Bayramov Pokiston xalqini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va tinch aholining qurbon bo‘lishiga olib kelgan hujumlarni qoraladi. U yana keskinlashuvning oldini olish zarurligini ta’kidlab, mojaro diplomatik yo‘llar bilan tezroq hal etilishiga umid bildirdi.
22 aprel kuni Hindistonning Pahalgam shahrida 26 kishining hayotiga zomin bo‘lgan teraktdan so‘ng mintaqadagi vaziyat yanada og‘irlashgan. Hindiston hujumda Pokiston tomonini aybladi.
6 may kuni Hindiston kuchlari Pokiston hududiga, jumladan Azad Kashmirdagi hududlarga raketa zarbalari berdi. Yangi Dehlining da’vo qilishicha, to‘qqizta "terrorchilik nishoni" urilgan. Biroq Islomobodning aytishicha, zarbalar tinch aholi infratuzilmasiga urilib, sakkiz kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan, 35 kishi yaralangan va ikki kishi bedarak yo‘qolgan.
Pokiston armiyasi ham Hindistonning beshta samolyotini urib tushirganini da’vo qildi. Hindiston buni rad etadi.
Hindiston bosh vaziri Narendra Modi “Sindur” operasiyasini mamlakat uchun “g‘ururli on” deb atadi. Bunga javoban Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Hindiston o‘z qilmishlari uchun javob berishiga va’da berdi va javob qaytarishga tayyorligini bildirdi.