5 nafar bokschimiz 220 ming AQSh dollariga da’vogarlik qiladi.
Joriy yildan boshlab Butunjahon boks kengashi (WBC) ilk bor yirik miqyosdagi Gran-pri musobaqasini tashkil etadi.
Mazkur turnirda 41 davlatdan 128 nafar bokschi ishtirok etishi e’lon qilingan bo‘lib, musobaqa Olimpiya tizimida o‘tkaziladi. Janglar 4 ta vazn toifasida tashkil etiladi va har bir vaznda 32 nafar bokschi g‘oliblik uchun ringga chiqadi. Har bir vazn toifasida chempionlikni qo‘lga kiritgan sportchilar Gran-pri doirasida jami 220 ming AQSh dollariga ega bo‘ladi.
5 bosqichdan iborat Gran-prining ilk bosqichi aprel oyida Saudiya Arabistonida start oladi, yakuniy bosqichi esa yil oxirida o‘tkaziladi. Musobaqada ishtirok etish istagini bildirgan bokschilarning yoshi 26 dan oshmagan hamda professional boksda 16 tadan ko‘p jang o‘tkazmagan bo‘lishi talab etiladi.
Professional va Olimpiya boks tizimlarini birlashtirgan ushbu turnirda O‘zbekiston sharafini Abdumalik Xalokov, Mujibillo Tursunov, Lazizbek Mullojonov, Kamronbek Eshmatov va Suhrob Qayumov himoya qiladi. Ular o‘z vazn toifalarida g‘oliblik uchun asosiy da’vogarlar qatorida sanalishadi.
Butunjahon boks kengashi WBC Gran-prisi uchun belgilangan mukofot jamg‘armasini ham e’lon qildi. Unga ko‘ra:
— 1/16 final g‘olibiga – 15 ming dollar, mag‘lubga – 7 500 dollar;
— 1/8 final g‘olibiga – 20 ming dollar, mag‘lubga – 10 ming dollar;
— 1/4 final g‘olibiga – 35 ming dollar, mag‘lubga – 15 ming dollar;
— 1/2 final g‘olibiga – 50 ming dollar, mag‘lubga – 25 ming dollar;
— turnir chempioni – 100 ming dollar mukofot puli bilan taqdirlanadi.