Avtomobil ishlab chiqaruvchi BMW va Skoda kompaniyalari Ukrainadan kabel simlari to‘plamlari yetkazib berishda yuzaga kelgan uzilishlar sababli o‘z zavodlaridagi ishlab chiqarish jadvalini qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.
Bu haqda Handelsblatt gazetasi xabar bermoqda.
Avtomobil ehtiyot qismlarini Germaniyaning Kromberg & Schubert kompaniyasiga qarashli Ukrainadagi zavodlardan yetkazib berishda muammolar yuzaga kelgan. Bunga kompaniyaning ishlab chiqarish infratuzilmasi, jumladan, Ukrainadagi Jitomir va Lusk shaharlarida joylashgan korxonalariga yetkazilgan zarar sabab bo‘lgan. Ushbu zavodlardan Yevropaning bir qator avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun ehtiyot qismlar yetkazib beriladi.
Ta’minot zanjiridagi uzilishlar tufayli BMW kompaniyasi Regensburg, Leypsig va Oksford shaharlaridagi zavodlarida ish smenalarini bekor qilishga majbur bo‘ldi. Skoda kompaniyasida esa kabel simlari yetishmasligi sababli Enyaq va Elroq elektromobillarini ishlab chiqarish hajmi cheklandi.
Handelsblatt nashri ta’kidlashicha, Germaniyaning boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilari — Mercedes, Audi va Porsche hozircha o‘z korxonalari faoliyatini cheklamagan.