Bugun 23 sentyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

BMT rasman Isroilni genosidda aybladi

A A A
BMT rasman Isroilni genosidda aybladi

Falastin va Isroildagi huquqbuzarliklarni o‘rganish bo‘yicha BMT komissiyasi Isroil G‘azoda genosid amalga oshirayotganini e’lon qildi. 16 sentyabr kuni e’lon qilingan 72 betdan iborat hisobotda ekspertlar Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va boshqa yuqori lavozimli shaxslarni harbiy jinoyatlarga da’vat etganlikda aybladi.

Komissiya rahbari, BMTning Xalqaro jinoiy sudi sobiq sudyasi Navi Pillay shunday dedi:

«Genosid G‘azoda sodir bo‘lmoqda. Bu dahshatli jinoyatlar uchun Isroil rahbarlari javobgar. Ular deyarli ikki yildan beri G‘azodagi falastinlik guruhni yo‘q qilish niyati bilan harakat qilmoqda.»

Pillay, Ruandada 1994 yilgi genosid bo‘yicha xalqaro sudni boshqargan huquqshunos sifatida, G‘azodagi voqealarni Ruandadagi genosid bilan solishtirdi.

«Agar qurbonlarni inson emas, hayvon deb atay boshlasangiz — ularni hech qanday vijdon azobisiz o‘ldirasiz. Bu — aynan genosiddir», — dedi u.

Komissiya tomonidan keltirilgan faktlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  • ommaviy qotilliklar,

  • gumanitar yordamni to‘sish,

  • aholini majburiy ko‘chirish,

  • sog‘liqni saqlash muassasalarini, jumladan, reproduktiv klinikani yo‘q qilish.

Ekspertlar jabrlanuvchilar, shifokorlar va guvohlar bilan suhbatlashdi, shuningdek, ochiq manbalar va sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini tahlil qildi.

1948 yilgi BMTning Genosid to‘g‘risidagi konvensiyasida keltirilgan besh shartdan to‘rttasini Isroil amalga oshirgani aytilmoqda:

  1. odamlarni o‘ldirish,

  2. jiddiy jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazish,

  3. guruhni yo‘q qilishga qaratilgan yashash sharoitlarini yaratish,

  4. bolalar tug‘ilishiga to‘sqinlik qilish.

Hisobotda premyer-ministr Netanyaxu va boshqa rasmiy shaxslarning bayonotlari genosid niyatining bevosita isboti sifatida keltirilgan. Jumladan, 2023 yil noyabrda u Isroil askarlariga yozgan maktubda G‘azodagi operasiyani «Ilohiy yo‘q qilish urushi» deb atagani eslatib o‘tilgan. Shuningdek, prezident Ishak Gersog va sobiq mudofaa vaziri Yoav Galant ham ayblanganlar qatoriga kiritilgan.

Isroil komissiya bilan hamkorlik qilishdan bosh tortdi. Mamlakatning Jenevadagi doimiy vakili BMT komissiyasini siyosiy yonlamachilikda aybladi, ammo o‘z pozisiyasiga oid aniq dalillar taqdim etmadi.

Ayni paytda Isroil Gaagadagi BMT Xalqaro sudida genosid ayblovlarini rad etishda davom etmoqda. Ular o‘z harakatlarini «o‘zini himoya qilish» deb baholashmoqda, biroq bu ta’rifga hatto Isroilning yaqin ittifoqchilari ham ishonmayapti. Jumladan, AQSh prezidenti Donald Tramp avgust oyidayoq Gazoda ommaviy ochlik kuzatilayotganini tan olgan.

Kiritildi: 18:01 16.09.2025. O'qildi: 1178 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!