BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab 1,2 millionga yaqin inson yo‘l-transport hodisalari oqibatida halok bo‘ladi. Shuningdek, 50 millionga yaqin kishi turli darajada tan jarohati oladi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlashicha, yo‘l-transport hodisalari nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlarga sabab bo‘lmoqda, balki millionlab oilalarning hayotini o‘zgartirib yubormoqda.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalari dunyodagi o‘lim sabablari orasida sakkizinchi o‘rinda turadi. 5 yoshdan katta bolalar va yoshlar orasida bu holatlar eng ko‘p o‘limga sabab bo‘layotgan omillardan biri sifatida qayd etilgan.
Jabrlanuvchilar asosan piyodalar, velosipedchilar va mototransport haydovchilari bo‘lib, ularning himoyasizligi yo‘l-transport xavfsizligida eng og‘riqli nuqta hisoblanadi.
BMT ekspertlari quyidagi choralarni tavsiya qilmoqda: xavfsiz shaharsozlikni rivojlantirish, piyodalar va velosipedchilar uchun alohida yo‘laklar barpo etish; jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash; shlem va xavfsizlik kamarlaridan majburiy foydalanishni kuchaytirish; avtotransport vositalarining texnik holatini qat’iy nazorat qilish.