Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va BMT Bolalar jamg‘armasi G‘azodagi 44 ming bolaga tibbiy yordam ko‘rsatmoqda. Bu haqda BMT axborot xizmati xabar berdi.
Tibbiy yordam doirasidagi emlash kampaniyasi 18 noyabrgacha davom etadi.
Mojarodan oldin G‘azoda 54 ta emlash markazi bo‘lgan. Mintaqa bolalarni vaksina bilan qamrab olish bo‘yicha dunyodagi peshqadamlar qatorida edi.
“20 mingdan ortiq bolalarning hayotiga zomin bo‘lgan urushdan keyin bizda tirik qolganlarni himoya qilish imkoniyati bor. Har bir bolani emlash, salomatligini saqlash, to‘g‘ri ovqatlanishini ta’minlash nafaqat insonparvarlik, balki ma’naviy-axloqiy talabdir. Biz urush paytida tug‘ilgan bolalar kelajagini himoya qilyapmiz va vayronalar orasida umidni so‘ndirmayapmiz”, — dedi YUNICEFning Falastin Davlati bo‘yicha maxsus vakili Jonatan Veytch.
Kampaniya davomida YUNICEF G‘azo sektoriga 11 turdagi vaksinalar, tibbiy asbob-uskunalar va ozuqaviy qo‘shimchalar yetkazib beradi. Emlash ishlari G‘azo sektori bo‘ylab 149 ta sog‘liqni saqlash muassasasi va 10 ta mobil bo‘linma orqali amalga oshiriladi.