Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish sun’iy intellekt (SI) allaqachon tinchlik va xavfsizlikka ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidlab, kuch ishlatish ustidan global me’yoriy-huquqiy baza va inson nazoratini yaratishga chaqirdi.
Guterrish bu haqda BMT Xavfsizlik kengashining sun’iy intellektga bag‘ishlangan yig‘ilishida ma’lum qildi.
"Ochig‘ini aytaylik: insoniyat taqdirini algoritm ixtiyoriga berib bo‘lmaydi. Odamlar hayot-mamot qarorlarini qabul qilish qudratini doimo o‘zida saqlab turishi kerak", - dedi Guterrish. U kelasi yilga qadar "inson nazoratisiz ishlaydigan halokatli avtonom qurol tizimlarini" taqiqlovchi qonuniy kuchga ega bo‘lgan hujjatni ishlab chiqishga chaqirdi va yadro qurolidan foydalanish bo‘yicha har qanday qaror "mashinalar emas, balki odamlar tomonidan qabul qilinishi kerak"ligini ta’kidladi.
Bosh kotibning ta’kidlashicha, so‘nggi mojarolar sun’iy intellektga asoslangan maqsadli tizimlar uchun “sinov maydonchasi”ga aylangan va sun’iy intellekt yordamida amalga oshirilgan kiberhujumlar muhim infratuzilmani bir necha daqiqada yo‘q qilishi mumkin. Shuningdek, u sun’iy intellektning axborot yaxlitligiga tahdid soladigan, jamiyatdagi qutblanishni kuchaytiruvchi va diplomatik inqirozlarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan audio va video materiallar ishlab chiqarish qobiliyatidan xavotir bildirdi.