Tabiatni asrab-avaylash, ekologik tozalikni ta’minlash – nafaqat davlat idoralarining, balki har birimizning insoniy burchimizdir. Biroq, atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlar ham, avvalo, qonun doirasida va belgilangan tartib-taomillarga qat’iy amal qilgan holda amalga oshirilishi lozim.
Biznes-ombudsman devoniga “N.Z” MCHJdan kelib tushgan murojaat asosida tadbirkorlik sub’ektida o‘tkazilgan tekshiruvning qonuniyligi o‘rganildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi Mirobod tuman bo‘limi bosh mutaxassisi tadbirkorlik sub’ekti faoliyatini tekshirishning belgilangan tartibini buzgan. Xususan, tekshiruvni “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkazmasdan va qonunga xilof ravishda o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqan.
Mazkur holat yuzasidan Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, ish sudga oshirilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining qaroriga ko‘ra, mas’ul xodim O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 241-2-moddasi (Tadbirkorlik sub’ektlarining faoliyatini tekshirish tartibini buzish) bilan aybdor deb topildi.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, ekologik nazorat tizimi tadbirkorlar uchun to‘siq emas, balki adolatli ko‘makchi bo‘lishi kerak. Tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan har qanday tekshiruv "Yagona davlat nazorati" axborot tizimida ro‘yxatga olinishi shart. Ro‘yxatga olinmagan har qanday tekshiruv – bu nafaqat tartibbuzarlik, balki qonun ustuvorligiga nisbatan hurmasizlikdir.