BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish G‘azo sektoridagi BMT xodimlari sonini qisqartirishga qaror qildi. Bu haqda jahon tashkiloti rahbarining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam Isroilning davom etayotgan hujumlari va mart oyi boshidan mintaqaga gumanitar yordam yetkazilishi to‘xtatilgani munosabati bilan qilingan. "Bundan kelib chiqib, BMT Bosh kotibi tashkilotning G‘azodagi ishtirokini qisqartirish to‘g‘risida qaror qabul qilishga majbur bo‘ldi. U buni tinch aholining insonparvarlik yordami va himoyasiga bo‘lgan ehtiyoji ortib borayotgan bir paytda qilishga majbur bo‘ldi. Biz G‘azoni tark etmaymiz. Biz tinch aholining omon qolishi va himoyasi uchun yordam berishda davom etamiz" - dedi Guterrish.
Shu bilan birga, u BMT G‘azoni tark etmayotganini va tinch aholining "omon qolishi va himoyasi" uchun yordam berishda davom etishini ta’kidladi.
Dyujarrikning ta’kidlashicha, Isroil o‘tgan hafta G‘azoda "dahshatli hujumlar" uyushtirgan va yuzlab tinch aholi, jumladan, BMT xodimlari halok bo‘lgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda G‘azoda BMTning 100 ga yaqin xodimi bor va ulardan 30 nafari eksklavni tark etadi.
Uning ta’kidlashicha, Isroil hukumati G‘azo sektorida “harbiy harakatlarni” davom ettirish niyatini bildirgan. Dyujarrik, shuningdek, 19 mart kuni BMT xodimlarining o‘limiga sabab bo‘lgan hujum Isroil tomonidan amalga oshirilganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Antoniu Guterrish sodir bo‘lgan voqeani keskin qoralagan va voqeani har tomonlama va mustaqil tekshirishni talab qilgan.