Bugun 25 may, 2026 yil, dushanba

КИР

Birinchi Boku Turkologiya Qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan fundamental nashrlar Olmaotada taqdim etildi

Birinchi Boku Turkologiya Qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan fundamental nashrlar Olmaotada taqdim etildi

2026 yil 22 may kuni Qozog‘iston Respublikasi Milliy kutubxonasida Birinchi Boku Turkologiya Qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlangan Turk madaniyati va merosi jamg‘armasining fundamental ilmiy nashrlari tantanali ravishda taqdim etildi.

XX asr boshlarida turkiy dunyoning ma’naviy va madaniy hayotidagi eng muhim hamda taqdiriy tarixiy voqealardan biri sifatida e’tirof etilgan Qurultoy yubileyi doirasida Jamg‘arma turkiy xalqlarning umumiy tarixiy xotirasi va ilmiy merosini aks ettiruvchi ikki yirik nashrni xalqaro jamoatchilikka taqdim etdi.

Taqdim etilgan birinchi nashr Ozarbayjondagi Otaturk markazi direktori, akademik Nizomiy Jafarov hamda taniqli olimalar Mahira Huseynova va Aysel Garibli muallifligidagi “Birinchi Turkologiya Qurultoyi” nomli ilmiy monografiya bo‘ldi. Kitobda 1926 yilda Boku shahrida o‘tkazilgan Qurultoyning tarixiy missiyasi, turkiy xalqlarning madaniy va ilmiy taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni chuqur tahlil qilinib, etnografiya, imlo, terminologiya, alifbo, til va adabiyot masalalari yoritilgan.

Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimqulova moderatorligida o‘tgan taqdimot marosimida nashr mualliflari — akademik Nizomiy Jafarov va Aysel Garibli ham nutq so‘zladilar. Ular ushbu fundamental asar nafaqat Birinchi Boku Turkologiya Qurultoyining tarixiy solnomasi, balki turkiy dunyoning ilmiy, adabiy va madaniy merosini kelajak avlodlarga yetkazuvchi muhim ko‘prik ekanini ta’kidladilar. Shuningdek, loyiha amalga oshirilishi va tarixning kam o‘rganilgan sahifalarini tizimli ravishda tadqiq etish barcha turkiy xalqlarning umumiy ilmiy merosini asrashga xizmat qilishi qayd etildi.

Mualliflar kitobning yuqori saviyada nashr etilishiga ko‘maklashgani va keng ko‘lamli taqdimot marosimini tashkil qilgani uchun professor Aktoti Raimqulova rahbarligidagi Turk madaniyati va merosi jamg‘armasiga chuqur minnatdorlik bildirdilar. Shuningdek, tadbir uchun yaratilgan qulay sharoitlar va mehmondo‘stlik uchun Qozog‘iston hukumatiga samimiy tashakkur izhor etdilar.

Marosim davomida taqdim etilgan yana bir muhim loyiha Jamg‘arma hamda Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti hamkorligida tayyorlangan “1926/2026: Birinchi Boku Turkologiya Qurultoyining 100 yilligi” nomli solnoma bo‘ldi. Ozarbayjon Milliy tarix muzeyi va Qozog‘iston Respublikasi Markaziy davlat arxivi hujjatlari asosida tuzilgan ushbu to‘plamga rasmiy bayonnomalar, noyob fotosuratlar, ilmiy ma’ruzalar va o‘sha davr matbuot materiallari kiritilgan.

Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi prezidenti professor Aktoti Raimqulova taqdim etilgan nashrlar umumiy tarixiy xotirani tiklash, ilmiy merosni tizimlashtirish va uni ma’naviy boylik sifatida kelajak avlodlarga yetkazishda nihoyatda qimmatli ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, loyiha mualliflaridan biri — taniqli turkolog olim, akademik Nizomiy Jafarovning tadbirda shaxsan ishtirok etgani uchrashuvning ilmiy va ma’naviy ahamiyatini yanada oshirganini qayd etdi.

Tadbirda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Malik Otarboyev, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti boshqaruvi raisi va rektori Janseit Tuimebayev, Qozog‘iston Yozuvchilar uyushmasi boshqaruvi raisi Mereke Kulkenov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori, akademik Jabbor Eshonqulov, Anqaradagi Haji Bayram Veli universiteti professori, filologiya fanlari doktori Mehmet Chevik, Qozog‘iston Respublikasi Milliy kutubxonasi direktori Gaziza Nurg‘aliyeva, Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi huzuridagi Islomshunoslik instituti direktori, professor Toreli Qidir va boshqa nufuzli mehmonlar so‘zga chiqdilar.

Ular o‘z chiqishlarida Birinchi Boku Turkologiya Qurultoyining 100 yilligiga bag‘ishlab tayyorlangan yangi nashrlarning ahamiyatini yuqori baholab, bunday loyihalar turkologiya fanining rivojlanishi hamda turkiy dunyo ma’naviy birligini mustahkamlashda alohida o‘rin tutishini ta’kidladilar.

Shuningdek, “Birinchi Turkologiya Qurultoyi” kitobi Jamg‘armaning keng e’tirof etilgan “Turkiy dunyoning tarixiy durdonalari” turkumi doirasida nashr etilgani qayd etildi. Umuman olganda, so‘nggi ikki yil davomida Turk madaniyati va merosi jamg‘armasi turkiy xalqlarning umumiy madaniy va tarixiy merosini asrash, o‘rganish va xalqaro miqyosda targ‘ib etishga bag‘ishlangan turli turkumlarda 60 dan ortiq fundamental asarni chop etdi.

Kiritildi: Bugun 11:21. O'qildi: 141 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!