Ukraina prezidenti bu haqda o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
"Razvedkamizdan, jumladan, AQSh va Yevropadagi hamkorlardan rossiyaliklar tomonidan “Oreshnik”ni qo‘llagan holda zarba berishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida ma’lumotlar oldik. Ushbu axborotni tekshiryapmiz. Ukraina hududiga, xususan, Kiyevga turli qurollardan foydalangan holda kombinasiyalashgan zarba berishga tayyorgarlik belgilarini ko‘ryapmiz", deya qayd etdi prezident.
Avvalroq Vladimir Putin Ukraina Qurolli kuchlarini Lugansk viloyatining Rossiya nazoratidagi qismida joylashgan Starobelsk pedagogika kolleji yotoqxonasiga zarba berishda ayblagandi. Ukraina Qurolli kuchlari esa bu ayblovni rad etgan edi.
Rossiya FVV ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu zarba oqibatida 18 kishi halok bo‘lgan. Rossiya prezidenti mamlakat Mudofaa vazirligiga ushbu hujumga qanday javob qaytarish bo‘yicha o‘z takliflarini taqdim etishni topshirgan.