Zelenskiy Kiyev viloyatiga "Oreshnik" raketasi zarba berganini tasdiqladi va Rossiya rasmiylarini "noadekvatlik"da aybladi – DW.
"Putin hatto "ura" so‘zini ham normal ayta olmaydi — duduqlanadi, lekin hamon o‘z raketalari bilan turar-joy binolarini yengmoqda. Rossiyaning uchta raketasi suv ta’minoti ob’ektiga qarata otildi, bozorni yoqib yubordi, o‘nlab turar-joy binolari va bir nechta oddiy maktablarga zarar yetkazdi. Belaya Serkov shahriga qarshi o‘z "Oreshnik"ini ishga soldi. Haqiqatan ham noadekvat odamlar", — deb yozdi Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida Rossiyaning tungi hujumlariga izoh berar ekan.
Ukraina Qurolli kuchlari Havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tunda mamlakat bo‘ylab 90 ta raketa va 600 ta dron uchirgan. Kiyevda ikki kishi halok bo‘lgani va 56 kishi yaralangani ma’lum. Bir nechta turar-joy binolari shikastlangan, savdo markazi yonib ketgan. Kiyev viloyatida ikki kishi halok bo‘lib, to‘qqiz kishi jarohatlangan.
Viloyat harbiy ma’muriyatining ma’lum qilishicha, Belaya Serkov tumanida "garaj kooperativi va korxona binolari shikastlangan". Bundan tashqari, Cherkassi shahrida dron turar-joy binosiga kelib urilishi oqibatida 11 kishi jabrlangan, deb xabar berdi mahalliy hokimiyat.
Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainaga "Oreshnik", "Iskander", "Kinjal" va "Sirkon" raketalari bilan zarba berganini tasdiqladi. Vazirlik buni Ukrainaning "harbiy boshqaruv ob’ektlari", aviabazalari va harbiy-sanoat majmuasi korxonalariga "javob zarbasi" deb atadi. Rossiya Mudofaa vazirligi zarba maqsadlariga erishilgani va belgilangan barcha ob’ektlar yo‘q qilinganini da’vo qilmoqda.