O‘zbek kino olamida faoliyat yuritayotgan bir qancha aktrisalar ularga nisbatan qanday nojo‘ya takliflar bo‘lgani haqida gapirib berishdi.
«O‘rtog‘im yig‘lab chiqqan, takliflar bo‘lgan»
Aktrisani kastingga chaqirishadi, kirasiz, boshida ijodiy savol-javob bo‘ladi. Keyin maqsadga o‘tib, «Bir rol bor, bu seni kashf qiladigan rol», deb shu darajada gapirib berishadiki, siz u rolda yashay boshlaysiz. «Faqat bu rolni o‘ynash uchun puling bormi?» deyishadi. Avval prodyuserlarni reklama qilib ko‘rishadi, u deb, bu deb oxiri maqsadga o‘tib, «Qizligingga tegmayman, men bilan yursang bo‘ldi», degan taklifni berishadi. Bir nechta o‘rtog‘imni o‘zim kastingga olib borganman. Ahmoq bo‘lgan ekanman. Keyin o‘rtog‘im ularning oldidan yig‘lab chiqib, «Agar san’at shu bo‘ladigan bo‘lsa, tupurdim», deb ketishgan. U o‘rtog‘im men haqimda nima deb o‘ylagan ekan, deb hozirgacha o‘ylayman. Xudoga shukr, bunaqa nojo‘ya takliflardan qutulganman.
Jayrona, aktrisa
«Shunday yo‘llar bilan chiqqandan ko‘ra, aktrisa bo‘lmaganim ma’qul».
San’atga kirib kelgan vaqtlarimda nojo‘ya takliflar bo‘lgan. Hozir birortasini haddi sig‘maydi, haddi sig‘adigani bo‘lsa yozib, kerak bo‘lsa, menga yozganlarigacha internetga chiqarib yuboraman. Shunaqa mazmunda gapirib turgan vaqtda diktofonga yozib olib bo‘lsa ham tarqataman. Allohimga behisob shukr, hozir hech kimning haddi sig‘maydi bunga.
San’atga endi kirib kelgan vaqtlarimda shunday takliflar bo‘lgan. Men nima uchun yetti yillab o‘qib, har bir obraz ustida ishlab, talabalikning qiyinchiliklarini ko‘rib, bir kunda uchtalab avtobuslarda yurib, shunaqa yo‘llar bilan aktrisa bo‘lib chiqamanmi? Shunday yo‘llar bilan chiqqandan ko‘ra, hech qachon aktrisa bo‘lmas edim.
Feruza Normatova, aktrisa
«Shu bilan kinodan ko‘nglim sovib ketdi».
U vaqtlarda filmlarning ilk taqdimoti, ya’ni premyeralar juda ham dabdabali bo‘lardi. Premyeralarning birida oldimga o‘sha vaqtdagi kino rahbarlaridan biri kelib, «Irodaxon, sizning muxlisingizman, siz ko‘proq filmlarda chiqishingiz kerak. Sizga yordam beraman, shu sohada falon kresloda o‘tiraman», dedi.
Ertasi kundan menga rejissyorlar telefon qilib, «Rasmlaringizni olib, sinovlarga keling», deyishdi. Fotosinovlarga borib, hattoki o‘tdim ham. Bir-ikki kundan so‘ng, haligi odam kechqurun telefon qilib, «Bir joyga kelib keting, Irodaxon», dedi. Nimagaligini so‘rasam, «Sizni akalarim bilan tanishtiraman», dedi. U odam ular bilan garov o‘ynagan ekan. Bormayman, deb qat’iy aytganimdan so‘ng, sensirashga o‘tib, «Sen ertaga kinoda rol ijro etishingni o‘ylab ko‘rgin, kinoning ostonasidan qadam bosmaysan», dedi. «Qo‘lingizda osmon bo‘lsa, tashlab yuboring», dedim. Qo‘lida kino bor ekan, tashlab yubordi.
Ertasi kuni fotosinovlaridan o‘tgan rejissyorlar telefon qilib, «Sizni bizga taklif qilgan odam zapret qildi, nima bo‘ldi o‘zi, tinchlikmi?», deb so‘rashdi. «Hammasi joyida, zapretlar meni qo‘rqitmaydi», dedim.
Xullas, vaqtlar o‘tib u odamning o‘zi ham rahbarlikdan ketdi. Undan keyin bir-ikkita filmlarda suratga ham tushdim. O‘sha vaqtlarda bir rejissyor meni yangi bir loyihasiga taklif qildi. Film ssenariysi aynan men uchun yozilgan edi. Hammasi tayyor bo‘lib, rolga kirishib, kiyimlar tikilganidan so‘ng «Iroda, bir homiy bor, u shu filmga pul tikmoqchi, hattoki tikkan pulini ham qaytarib olmas ekan. Faqat u xohlagan qizni bosh rolda o‘ynatishim kerak ekan», dedi. O‘zimni shu rolda tasavvur qilib, shu rolda yashaganman. «Agar sen mening yonimda bo‘lsang, menga hech nima kerak emas, biz bu narsalarni birgalikda yengib o‘tamiz», dedi, «Shart emas, rahmat, yo‘lingizda davom eting», deb ketdim.
Shu bilan kinodan ko‘nglim sovib ketdi. Bu hamma rejissyorlarga tegishli emas. Men ijodini ham, o‘zini ham hurmat qilgan rejissyorlar juda ham ko‘p. Ketma-ket bo‘lgan shunaqa holatlar ko‘nglimning sovishiga sabab bo‘ldi. Keyin kinodan ham uzoqlashishga majbur bo‘ldim.
Iroda Nosirova, jurnalist, aktrisa, xonanda
«O‘zimga mustahkam bo‘lganman, likillab ketmaganman»
Hech qachon nojo‘ya takliflar bo‘lmagan. Onam bilan yurganim uchun, balki, nojo‘ya taklif qilishga qo‘rqishgandir. Sal erkaksifatroq xarakterim bor, o‘g‘il bolaga o‘xshagan qizman, demoqchimasman. Qaysidir tomondan cho‘rtkesarligim bor edi. O‘zimni o‘zim himoya qilib keta olgan qizman. Kimdir menga «Yaxshi qiz, tanishsak bo‘ladimi?», desa, «vay» deb likillab ketmaganman. O‘zimga mustahkam bo‘lganman. Onangiz, otangiz qo‘riqlab yursa ham ayol kishi o‘zi xohlasa, kim bilandir yurib qo‘yishi mumkin. Hammasi xarakterga, tarbiyaga bog‘liq.
Shahzoda Muhammedova, aktrisa, dizayner, boshlovchi