Biznesmen va Microsoft asoschisi Bill Geyts 20 yil ichida deyarli butun boyligini xayriya ishlariga berishga va’da berdi. Daromad uning Gates Foundation fondiga o‘tkaziladi. Bu haqda Geyts o‘z saytida ma’lum qildi, deya yozmoqda gazeta.uz.
«Men keyingi 20 yil ichida butun dunyo bo‘ylab odamlar hayotini saqlab qolish va yaxshilash uchun deyarli butun boyligimni Geyts jamg‘armasi orqali beraman. 2045 yil 31 dekabrda esa fond o‘z eshiklarini abadiy yopadi», — deb yozdi Geyts.
Geytsning aytishicha, xayriyaning aniq miqdori fond bozorlari va inflyasiyaga bog‘liq bo‘ladi, biroq u 200 milliard dollardan ortiq bo‘lishini kutmoqda.
«O‘lganimdan keyin odamlar men haqimda ko‘p gapiradi, lekin qat’iy qaror qildimki, „u boy o‘lgan“ ular orasida bo‘lmaydi. Odamlarga yordam berish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan resurslarni o‘zimda ushlab turishim uchun hal qilish kerak bo‘lgan juda ko‘p dolzarb muammolar bor», — izohladi Geyts qarorini.
U boshqa badavlat kishilar ham undan o‘rnak olib, xayr-ehson qilish sur’ati va ko‘lamini oshirishiga umid bildirdi.
Jamg‘arma, Geytsning aytishicha, uchta maqsadni ko‘zlaydi: oldini olish mumkin bo‘lgan onalar va chaqaloqlar o‘limini tugatish, o‘limga olib keladigan yuqumli kasalliklarni yo‘q qilish va butun dunyo bo‘ylab yuz millionlab odamlarni qashshoqlikdan chiqarish.
Gates Foundation — 2000 yilda Bill Geyts va uning sobiq rafiqasi Melinda Geyts tomonidan asos solingan xususiy jamg‘arma, u dunyodagi uchinchi eng yirik xayriya jamg‘armasi hisoblanadi. Oxirgi 25 yil ichida fond vaksinalar ishlab chiqish va turli kasalliklarga qarshi kurashish uchun 100 milliard dollar ajratdi.