Eron Hurmuz bo‘g‘ozini yana yopgani va AQSh bilan muzokaralarni vaqtincha to‘xtatgani haqida xabarlar tarqalmoqda.
Germaniyaning Bild nashrining Eron OAVlariga tayanib yozishicha, bu qarorga Isroilning Livan hududiga bergan zarbalari sabab bo‘lgan.
Xabarda aytilishicha, Hurmuz bo‘g‘ozi yaqinida ogohlantiruvchi o‘q uzish holatlari qayd etilgan. Shuningdek, Islom inqilobi muhofizlari korpusi (KSIR) radioto‘lqinlar orqali kemalarni bo‘g‘ozga yaqinlashmaslikka chaqirgan.
Ayni paytda mazkur ma’lumotlar rasmiy manbalar tomonidan tasdiqlangani yo‘q.
Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan o‘zaro anglashuv memorandumi tasdiqlanganini ma’lum qilgan edi. AQSh va Eron ommaviy axborot vositalari tomonlar hujjatni elektron shaklda imzolaganini xabar qilgan.
Memorandum shartlariga ko‘ra, Tehron 60 kun davomida Hurmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tuvchi kemalardan to‘lov olmasligi kerak edi.