Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Beruniy jon taslim qilish vaqtida ham...

Beruniy jon taslim qilish vaqtida ham...

Yoqut Hamaviyning «Mu’jamul udabo» asarida buyuk astronom, matematik olim, tarix, lug‘at va adabiyot sohalarining yetuk bilimdoni Abu Rayhon Beruniy (362-hijriy sanada tug‘ilib, 440-sanada vafot etgan) rahmatullohi alayhning tarjimai holi haqida quyidagilar aytilgan: «Abu Rayhon o‘zlashtirishi keng va umumiy ishlarda yuksak mavqeda bo‘lishiga qaramasdan ilm tahsiliga qattiq kirishgan, kitoblar tasnif etishga astoydil berilgan edi. U tinimsiz ilmlar eshiklarini ochar, ularning sir-asrorlarini hamda ma’lum va noma’lum qirralarini egallardi. Uning qo‘lidan qalam tushmas, ko‘zlari doimo kitobga qaragan, qalbi esa fikrlash bilan mashg‘ul bo‘lardi. Yil davomida ikki kungina ehtiyojiga yaraydigan oziq-ovqat va yozish uchun kerakli ashyolarni to‘plashga vaqt ajratardi. So‘ngra yilning boshqa kunlarida faqat ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlaridan boshqa tashvishlarga vaqt ajrata olmasdi».

Faqih Abul Hasan Aliy ibn Iyso Valvalijiy shunday gapirib bergan: «Abu Rayhon Beruniyning vafot etishi arafasida yoniga kirganman. U zo‘rg‘a nafas olib yuragi siqilib yotgandi. U yetmish sakkiz yoshda edi. U shu holatida menga qarab: «Bugun menga ona tomondan momolarning merosdagi ulushi haqida nima deysan?» dedi. Meni unga rahmim kelganidan: «Shunday holatda ham-a?» dedim. U: «Ey, menga qara! Dunyodan ushbu masalani bilib ketganim uni bilmasdan ketganimdan yaxshiroq emasmi?» dedi. Men unga o‘sha masalani aytib berdim. U zot bu masalani yodlab oldi va yodlaganlarini menga aytib berdi. Huzuridan chiqib ko‘chaga yetgan ham edimki, uning vafot etgani uchun yig‘laganlarini eshitdim».

Ilmda donishmand bo‘lgan ushbu imom beshta tilni: arab, suryoniy, sanskrit, fors, va hind tillarini mukammal egallagandi. Bu zot falakiyot, tibbiyot, matematika, adabiyot, lug‘at, tarix va bulardan boshqa ilm sohalari bo‘yicha bir yuz yigirmadan ortiq asarlar yozib qoldirgan. Katta sharqshunoslardan biri Saxov bu zot haqida shunday degan: «U tarix tanigan eng aqli buyuk kishidir».

Mashhur sharqshunos Sartun esa shunday degan: «Beruniy Islom olimlarining eng ulug‘laridan va dunyo olimlarining eng kattalaridan biridir». Bu zotning tarjimai hollari va ilmiy hayotlari haqida Hofiz Tufon Qadariyning «Turosu arabil ilmiy fi falak va riyoziyot» kitoblaridan kengroq ma’lumot olishingiz mumkin.

Kiritildi: 22:30 23.02.2020. O'qildi: 4669 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!