Suriyada ag‘darilganidan so‘ng Rossiyaga qochgan prezident Bashar Asad va oilasi Moskvada hashamatli hayot kechiryapti. The New York Times Asadning qarindoshlari, oilasiga yaqinlar va suriyalik sobiq mansabdorlarga asoslanib shunday xabar berdi.
Nashrga ma’lumot bergan suriyalik emigrantning aytishicha, u bir kuni Moskva-Sitidagi «Federasiya» minorasining 62-qavatidagi Sixty restoranida ovqatlanayotgan Asadni ko‘rgan. Bu yerga «rus siyosiy elitasi va xorijlik taniqli shaxslar kelib turadi. Sobiq prezident VIP-mehmonlardan biri bo‘lgan.
Rossiyada Asadlar dastavval Four Seasons mehmonxonasida yashashdi, bu yerda ijara haqi haftasiga $13 minggacha. Keyin u oilasi bilan «Federasiya» minorasining ikki qavatli penthausiga, so‘ngra Rublyovkadagi uyga ko‘chib o‘tdi, deb yozdi NYT.
Bashar Asad Moskva-Sitida istiqomat qilgani va Rublyovkaga ko‘chib o‘tgani haqida Zeit va The Guardian nashrlari ham yozgan. The Guardianga ko‘ra, sobiq prezident oftalmologiya kurslariga qatnamoqda (Asad Damashq va Londonda tibbiyot yo‘nalishida tahsil olgan). NYT suhbatdoshlari aytishicha, rus maxsus xizmatlari Asadni qo‘riqlash va har bir qadamini nazorat qilishda davom etmoqda.