“Al-Hilol” hujumchisi Darvin Nunyes transfer bozorida “Barselona” uchun variantlardan biri bo‘lib turibdi. “Ko‘k-anorranglilar”ning asosiy maqsadi hamon Madridning “Atletiko” klubidan Xulian Alvares bo‘lib qolmoqda, biroq “matraschilar” muzokaralar olib borishni qat’iyan istamayotgani sababli argentinalik futbolchini qo‘lga kiritish juda qiyin bo‘ladi.
Mundo Deportivo nashrining xabariga ko‘ra, Nunyes “Barselona” uchun Alvaresga nisbatan arzonroq muqobil variantga aylanishi mumkin. Urugvaylik futbolchiga “Al-Hilol”da umid bildirilmayapti, shu sababli uni katta ehtimol bilan tekinga qo‘yib yuborishadi.
Darvin Nunyes o‘tgan yilning yozida “Liverpul”dan Saudiya Arabistoniga ko‘chib o‘tgan edi. 24 iyun kuni hujumchi 27 yoshni qarshilaydi.