"Barselona" prezidenti Joan Laporta Madridning "Real" klubi yuritayotgan transfer siyosati, xususan, Kilian Mbappening 2024 yilda jamoaga qo‘shilgani haqida o‘z munosabatini bildirdi.
L’Equipe nashriga bergan intervyusida kataloniyaliklar rahbari "Real" jamoaviy o‘yindan ko‘ra, mashhur futbolchilarni jalb etishga ko‘proq ahamiyat qaratishini ta’kidladi.
"Bir katakda ikkita xo‘roz bo‘lmaydi. Futbolda ham shunday. Eng muhim jihat — jamoaviylik. "Real" esa hamisha katta nomlarga ustunlik beradi. Menimcha, ular shu sababli ishonchni yo‘qotishdi", dedi Laporta.
Shuningdek, u madridliklar prezidenti Florentino Peresni "Negreyra ishi" bo‘yicha noto‘g‘ri ma’lumot tarqatishda aybladi hamda "Real"ning so‘nggi ikki yilda sovrin qo‘lga kiritmaganini ta’kidladi.
Ayni paytda "Barselona" Ispaniya chempionatida 8 ta uchrashuvdan keyin 24 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. "Real" esa 21 ochko jamg‘arib, uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Eslatib o‘tamiz, La Liganing 10-turida ushbu jamoalar o‘zaro to‘qnash keladi. Navbatdagi "El-klasiko" 26 oktyabrga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 01:00 da boshlanishi rejalashtirilgan.