«Barselona» bosh murabbiyi Xans-Diter Flik klub akademiyasi tarbiyalanuvchilariga imkoniyat berish bo‘yicha tarixiy reytingda ikkinchi o‘rinni egalladi.
«Alaves»ga qarshi uchrashuvda (6:1) 20 yoshli Brayan Farinyas asosiy jamoada debyut qildi. Odatda yarim himoyada harakat qiladigan futbolchi ushbu bahsda himoyaning o‘ng qanotida o‘ynadi.
Shu tariqa, Flik boshqaruvida «La Masiya»ning 14 nafar tarbiyalanuvchisi birinchi jamoada ilk uchrashuvini o‘tkazdi.
Barça Buzz ma’lumotiga ko‘ra, nemis murabbiyi davrida o‘rtacha har 9,36 ta o‘yinda akademiyaning bitta vakili debyut qilmoqda. Bu klub tarixidagi ikkinchi eng yaxshi ko‘rsatkich.
Reytingda Xavi Ernandes peshqadam — uning davrida har 8,94 ta o‘yinga bitta debyut to‘g‘ri kelgan. 2003–2008 yillarda jamoani boshqargan Frank Raykaard esa 10,37 ta o‘yinlik ko‘rsatkich bilan uchinchi o‘rinda.