Ispaniya chempionatining 36-turidan o‘rin olgan "Barselona" - "Espanyol" bahsida "ko‘k-anorranglilar" 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. O‘yin "Cornella El Prat" stadionida bo‘lib o‘tdi.
Birinchi bo‘limda gol urilmadi. Ikkinchi bo‘lim boshida Lamin Yamal 53-daqiqada Dani Olmoning uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda Fermin Lopes Yamalning uzatmasidan so‘ng kataloniyaliklarning ikkinchi goliga mualliflik qildi.
"Espanyol" 80-daqiqadan boshlab bir kishi kam bo‘lib o‘ynadi, himoyachi Leandro Kabrera qizil kartochka oldi.
"Barselona" ochkolarini 85 taga yetkazib, mavsum yakunlanishiga 2 tur qolganida turnir jadvalida birinchi o‘rinni kafolatladi. Ikkinchi o‘rindagi "Real" hisobida 78 ochko mavjud. "Espanyol" 39 ochko bilan 16-o‘rinda bormoqda.
"Ko‘k-anorranglilar" 28 karra Ispaniya chempioni bo‘lishdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha klub turnir tarixida ikkinchi o‘rinda bormoqda - "Real" 36-chempionlik bilan peshqadamlik qilmoqda.