Markaziy bank banklarni sanasiya qilish va tugatish sohasidagi vakolatli davlat organi bo‘ldi. Bu 23 iyun kuni qabul qilingan “Banklarni sanasiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi qonun bilan belgilandi.
Qonun banklar, banklar guruhlari va bank aksiyalarining nazorat paketiga egalik qiluvchi xolding kompaniyalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Quyida sanab o‘tilgan barcha asoslarning mavjudligi bankni sanasiya qilishni boshlash uchun asos deb hisoblanadi:
– bankning to‘lovga qobiliyatsizligi yoki to‘lovga qobiliyatsizlikning yuzaga kelish ehtimoli yuqoriligi;
– banklar tomonidan ko‘rilgan choralar, shuningdek, Markaziy bank tomonidan qo‘llangan nazorat choralari to‘lovga qobiliyatsizlikni bartaraf etishga qodir bo‘lmaganligi yoxud 6 oy ichida buning ehtimoli mavjud emasligi;
– bankning tizimli ahamiyatga molik ekanligi yoki tizimli ahamiyatga molik bo‘lmagan bankni majburiy tugatish orqali belgilangan maqsadlarga erishib bo‘lmasligi sababli sanasiya qilish zarurligi.
Markaziy bank sanasiya qilinayotgan bankning maxsus boshqaruvchisini tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilishga haqli hisoblanadi.
Sanasiya qilish vositalari quyidagilardan iborat:
– aktivlar va majburiyatlarni o‘tkazish (sotish);
– oraliq bankni tashkil etish;
– hisobdan chiqarish va (yoki) konvertasiya qilish.
Qonunga ko‘ra, sanasiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinguniga qadar Markaziy bank bankning aktivlari va majburiyatlari, shuningdek balansdan tashqari moddalari baholashdan o‘tkazilishini ta’minlaydi.
Baholovchi Markaziy bankka quyidagilarni o‘z ichiga olgan xulosani taqdim etadi:
– bankni sanasiya qilish boshlangan kunda mazkur bankni majburiy tugatish tashabbus qilingan bo‘lsa, sanasiya qilinayotgan bank aksiyador va kreditorlari ko‘rishi mumkin bo‘lgan zararlarning miqdori;
– sanasiya qilinayotgan bankning aksiyadorlari va kreditorlari ko‘rgan haqiqiy zararlar miqdori;
– yuqorida ko‘rsatilgan zararlar o‘rtasidagi farq.
Shuningdek, Markaziy bank hamda Omonatlarni kafolatlash agentligining qo‘shma qarori asosida sanasiya qilish jamg‘armasi tashkil etiladi. Markaziy bank sanasiya qilinayotgan bank tuzgan shartnomalar bo‘yicha uning to‘lov va o‘tkazmalarga doir muayyan majburiyatlarini 6 haftadan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turishga haqli.
Ma’lumot uchun, bankni sanasiya qilish – bu bank yetarlicha pulga ega bo‘lmaganda, uning qarzlarini to‘lash va ishini davom ettirish uchun davlat yoki boshqa tashkilot tomonidan moliyaviy yordam berish jarayoni.