2024-yil 26-iyul kuni Samarqand viloyatining Tayloq tumanida xonanda Zeboyi Jahon (Zebiniso Nosirova) o‘ldirildi. Bu haqda “Millar” dasturida, “Milliy TV” telekanalida xabar berildi.
33 yoshli ayolning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan shaxs — uning turmush o‘rtog‘i. Xabarlarga ko‘ra, erkak farzandlarini ko‘rish uchun ayolning uyiga kelgan, ammo ular orasida mojaro kelib chiqqan. Mojaro davomida u xotinini qo‘li bilan bo‘g‘ib o‘ldirgani aytilmoqda. Ayol voqea joyida vafot etgan.
Marhumaning akasi voqea haqida avval rafiqasidan, keyin esa onasidan eshitganini aytgan.
«Singlim bunday o‘limga loyiq emas edi. U uch o‘g‘ilning onasi edi. Kim turmush o‘rtog‘iga, farzandlarining onasiga qo‘l ko‘taradi?», – dedi u va aybdorga eng og‘ir jaza berilishini talab qildi.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, qasddan odam o‘ldirishda gumon qilingan 32 yoshli erkak qo‘lga olingan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.