Bugun 19 dekabr, 2025 yil, juma

КИР

Bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni qadrla

A A A
Bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni qadrla

Islom dini musulmon kishini o‘tayotgan har bir ku­ni va soatidan unumli foydalanishga targ‘ib va tash­­viq qiladi. Zero, vaqtning har bir soniyasidan xalq va millatni moddiy va ma’naviy yuksalishga olib bora­digan xayrli va savobli ish­lar yo‘lida samarali foy­da­la­nish barchaning, xususan, biz musulmonlarning mu­­him vazifamizdir. Chunki vaqtning qiy­mati bebahodir.

 

Inson vaqtini sarf etishda omadli rizqlan­ti­rilgan bo‘lsa, vafot etganidan so‘ng ham Alloh uning yaxshi amallarini xohla­ganicha uzaytiradi. Albatta, bu odam ortida foydali ilm, ezgu ish, chiroyli xotira yoki ergashsa arziydigan chiroy­li odat yoki o‘zidan so‘ng samara berib turadigan xayriya muas­sasasi yoxud chi­roy­li tarbiya qilingan zurriyot qoldirgan bo‘l­sa, uning ha­yoti davom etayotgan va orqasida chiroyli siyrati (ta­rixi) qolgan bo‘ladi.

 

Bu haqda umaviylar amiri Umar ibn Abdulaziz bunday deydi: “Sening vujudingda kecha va kunduz o‘z ishini ko‘rsat­yapti, demak, sen ham ularga amal qilib qol!” Donishmandlar: “Vaqt bir qilich­dir, agar sen uni kesmasang, u seni kesadi”, deb bejiz aytish­magan.

 

Modomiki vaqt shunchalik ahamiyatli ekan, demak, mo‘min-mu­sulmon kishining vaqt oldida muayyan vazifalari bor. U quyi­da­gi vazifalarni tushunib ado etmog‘i shart:

 

Vaqtdan imkon qadar unumli foydalanish: Bebaho mol-­davlatini asrab-avaylaydigan inson aslida bebaho vaqti­ga bundan-da e’tiborliroq bo‘lmog‘i, uni faqat xayrli ishlar va maqsadlarga ishlatishi lozim. Vaqt qadrini yaxshi anglagan salafi solihlar vaqtlariga juda e’tiborli edilar. Ulug‘ imomlar butun vaqtini foydali ilm, yaxshi amal, nafs­ga qarshi kurash yoki boshqalarga naf yetkazish uchun o‘tkazish bilan oxirat g‘amini yerdilar.

Hasan Basriy aytadi: “Shunday zotlar bor ediki, sizlar dir­ham-dinorlaringizga haris bo‘lganingizdan ko‘ra, ular vaqt­lari­ga qattiqroq haris edilar”.

 

Vaqtni tartibga solish. Diniy va dunyoviy ishlarni ba­tartib, rejali ado etmoq musulmon kishi­ning vaqti oldi­da­gi vazifalaridandir. Ana shunda muhim va nomuhim amallar o‘z o‘r­nini topib, ishlar bir-biriga xalal bermaydi.

Solihlardan biri aytadi: “Bandaning vaqtlari (o‘ti­shi ji­hatidan) to‘rt turli bo‘ladi:

 

1) ne’matda;

 

2) kulfatda;

 

3) itoatda;

 

4) ma’siyatda o‘tadi.

 

Vaqtning hamma holatlarida banda zimmasida Alloh­ning ibodatidan ulush bor. Demak, kimning vaq­ti toatda o‘tgan bo‘lsa, uning yo‘li Alloh taolo mar­hamatiga, ya’ni Alloh hidoyat berib, ibodatga muvaf­faq qilib qo‘yganiga shohid bo‘lishdir. Kimning vaqti ne’matda o‘tgan bo‘lsa, uning yo‘li shukr qilishdir. Kimning vaqti ma’siyatda o‘tgan bo‘lsa, uning yo‘li tavba va istig‘fordir. Kimning vaqti kulfat (sinov)da o‘t­gan bo‘lsa, uning yo‘li rozilik va sabr­­dir”.

 

Bo‘sh vaqtni g‘animat bilish. Ko‘pchilik bo‘sh vaqtining ne’mat ekanidan g‘ofil o‘tadi. Oqibatda, ne’mat shukrini ado et­maydi.

Yuqorida bayoni o‘tgan besh narsani g‘animat bilish haqi­dagi hadisi sharifda Rasululloh (sollallohu alay­hi va sallam) bo‘sh vaqtni g‘animat bilishga undab: “…Mashg‘ul bo‘lib qolishingdan oldin bo‘sh vaqtingni g‘animat bil”, deb ta’kidladilar.

 

Ma’lumki, inson hayoti o‘lchovlidir. Shuning uchun vaqt­ning qadriga yetgan, uni hurmat qilgan kishi o‘zini, umrini hurmat qilgan hisoblanadi. Chunki har kim o‘zi o‘ylagan ishlarni har vaqt ham bajara olmaydi. Ba’zi­da paydo bo‘lib qoladigan bo‘sh vaqtlar o‘sha bitmagan ishlarni bajarishga yaxshi imkon­dir. Mo‘min kishi ma­na shunday bo‘sh vaqtlarni Allohning ne’­mati deb bi­lib, foydalanib qolmog‘i lozim. Vaqtga beparvo bo‘lish esa umrning zavolidir.

 

Haq taolo inson uchun berilgan umrni behuda o‘t­kazmay, uni yaxshilik va savob ishlarga sarflash, zoye qi­lingan umr uchun oxiratda afsus-nadomat chekmas­lik haqida ogohlantirib, bunday deydi:

 

Ya’ni: “…Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlar­ga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku!” (Fo­tir, 37).

 

Inson hayotida vaqtini zoye qiladigan ofatlardan ehtiyot bo‘­lishi lozim. Bunday ofatlar xataridan ogoh bo‘lmasa, vaq­tini va umrini zoye ketkazib qo‘yadi. Ulardan ayrimlarini sanab o‘tamiz:

 

G‘aflat. Shunday ofatlardan bo‘lgan g‘aflat kasalligi insonning aqli va qalbiga musibat yetkazadi. Buning oqibatida u kechayotgan hodisalarni, kecha va kunduzning almashuvini sezmaydigan, his etmaydigan bo‘lib qoladi. Narsalarning ma’nolariga va ishlar oqibatiga nisbatan sergaklikni yo‘qotadi. Ma’nolar bilan emas, suratlar bilan; asl haqiqatlar bilan emas, ko‘rinishlari bilan; mag‘izi bilan emas, qobig‘i bilan; nihoyasi bilan emas, boshlanishi bilan hukm chiqaradi. Qur’oni karim g‘aflatdan qat­tiq ogohlantiradi, hat­­to g‘aflat ahli jahannamga o‘tin bo‘ladigan tirik jon­zotlarning eng adashganlari toifasiga kiritilgan:

Ya’ni: «Jahannam uchun jinlar va insonlar­ning ko‘p­chili­gini yaratganmiz. Ularda qalblar bor, (le­kin) ular bilan “anglamaydilar”. Ularda ko‘z­lar bor, (lekin) ular bilan “ko‘rmaydilar”. Ularda qu­loqlar bor, (lekin) ular bilan “eshit­maydilar”. Ana o‘shalar hayvonlar kabidirlar. Bal­ki, ular (yanada) adashganroqdirlar. Aynan o‘shalar g‘ofil­lardir» (A’rof, 179).

 

Alloh taolo ilmning haqiqati va mag‘zi qolib, zohiri bilan qiziqadiganlar haqida bunday deydi:

 

“(Bu) Allohning va’dasidir. Alloh O‘z va’dasiga xi­lof qilmas. Lekin ko‘p odamlar (bu kabi haqiqatlarni) bilmaslar. Ular oxiratdan g‘ofil (bexabar) bo‘lgan hollarida faqat (shu foniy) dunyo hayotining zohirinigina bilurlar” (Rum, 6–7).

 

Qur’oni karimda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)­ga bunday xitob qilinadi:

 

“Rabbingizni ichingizda tazarru va qo‘rqinch bilan hamda gapirganda ovozni ko‘tarmasdan er­tayu kech zikr (yod) eting! G‘ofillardan bo‘lmang!” (A’­rof, 205).

 

“Shuningdek, qalbini Biz zikrimizdan g‘ofil qilib qo‘y­gan, havoyi nafsiga ergashgan va qilar ishi isrof­garchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang!” (Kahf, 28).

 

Keyinga qoldirish. Biror xayrli ishni ke­yin­ga qol­dirish, ya’ni o‘z vaqtidan kechiktirish insonga ho­ziri va bu­gunidan manfaat olish bobidagi xatar­li ofatlarning eng ashaddiysidir.

Kuningni foydali ilm va ezgu ishlar bilan to‘l­di­rishing o‘sha kunning zimmangdagi haqidir. Hoziring qo‘lingdan ketib, aba­diy qaytmaydigan o‘t­mishga aylan­guncha uni ertaga qoldirma. Ertaga o‘rib olishing uchun bugun ekishing vojib­dir. Agar shunday qilma­sang, pu­shaymonlik foyda bermaydigan o‘rinda pushaymon bo‘­lasan.

 

Keyinga surishda bugungi vazifani ertaga qol­di­rish ofati bor. Birinchidan, albatta, ertagacha yasha­shing­ga kafolating yo‘q.

 

Rivoyat qilinishicha, amirlardan biri solih kishini ziyo­fatga chaqirdi. U kishi ro‘zador bo‘lgani uchun uzr so‘radi. Shunda amir: “Bugun ro‘zangni och, ertaga tutarsan”, dedi. So­lih kishi: “Sen mening ertagacha yashashimga kafolat berola­sanmi?” deya savol bilan javob berdi.

 

Ha, shunday, hech kim hech kimning ertagacha yashashiga ka­fil bo‘lolmaydi. O‘lim to‘satdan va turli sabab­lar bilan keladi.

 

Fan-texnika va tibbiyot mislsiz rivojlangani­ga qa­ra­masdan, bizning asrimizda to‘satdan o‘lish o‘t­gan zamonlardagiga nisbatan ko‘proqdir. Qanchalar mukammal jihozlangan bo‘lmasin, tibbiyot Alloh taolo buyurgan o‘limni to‘xta­tishdan yoki jarrohlik va boshqa amaliyotlar bilan uni qaytarishdan ojiz. Ilm ham bugun zamonaviy asbob-uskunalari, mashina, tayyora, turli mexanik va elektr jihozlari bilan bir bo‘lib ham har kuni sanoqsiz hodisalar oqibatida yuz berayot­gan o‘limga to‘sqinlik qila olmayapti. Aksincha, ayni shu ilm-­fan va texnika taraqqiyoti o‘limning yangi-yangi sabablarini keltirib chiqarmoqda, inson sanoat as­ridan avval ulardan omonda edi.

 

Ikkinchidan, sen ertagacha yashashingni kafolatlay olding ham deylik, lekin baribir seni o‘rab turgan kasalliklar, ol­dingdan chiqib qoluvchi tasodiflar yoki boshingga tushuvchi balolar kabi to‘siqlardan emin bo‘lolmaysan. Shuning uchun ezgu ishlarga shoshilib, kunlik vazifani vaqtida ado etishing olijanob­­lik­dir. Kechiktirib, keyinga surish bilan fursat­ni qo‘l­dan boy berishing ojizlikdir. Pirovardida g‘am-g‘us­sa­da qolishing hech gap emas.

 

Olimlardan biri ba’zi yoshlarga: “Ish qobili­ya­ting­ni yo‘qot­masingdan avval ishlab qol, chunki men bu­gun ishlashni istayman, lekin bunga qodir emasman”, de­gan ekan.

 

Hafsa binti Sirin aytar edi: “Ey yoshlar, mehnat qi­linglar! Albat­ta, ish yoshlikdadir. Keksaygach, hech narsa qila olmaysizlar”.

 

Uchinchidan, albatta, har bir kunning o‘z ishi, har fursat­ning o‘z vazifasi bor. Aslida, ishdan mutlaqo bo‘sh vaqtning o‘zi yo‘q va bo‘lmasligi kerak. Umar ibn Abdulaziz ishning ko‘pligidan sal horg‘in ko‘ringan­la­rida u kishiga: “Bu ishingizni ertaga qoldira qo­ling”, de­yishibdi. Shunda xalifa: “Menga bir kunning ishi og‘ir kelyapti-ku, ikki kunning ishi to‘planib qol­sa, uni qanday qilib bajaraman?” deganlar.

 

Ibn Ato hikmatida aytadi: “Vaqtlar ichidagi haq­larni qazo etish mumkindir, ammo vaqtlar haqini qaz­o qilish mumkin emas!” Har bir o‘tayotgan vaqt ichi­­­da Alloh uchun sening ustingda yangi haq bordir. Al­loh­ning muayyan bir vaqt ichidagi haqini ado etmagan odam boshqaning haqini qanday ado etsin?!

 

To‘rtinchidan, toat-ibodatni kechiktirgan va ezgu ishlar­ni ortga surgan inson ularni tark etishga ham odatlanadi. Odat esa, agar u tomir otsa, mustahkam ko‘nikmaga aylanib, keyin qiyinchilik­lar tug‘dira­di. Hatto kishi toatga va solih amalga shoshilishi lo­zimligini aqlan his etadi, lekin irodasi zaifli­gidan bu ishga yordam beruvchi jihatni topolmaydi, ak­sincha, amaldan toliqqan­lik, bezganlik holatlari yuz beradi. Agar bir kungina ibodat va yaxshi ishga qa­dam tashlab qo‘ysa, go‘yo yelkasida butun xalqni ko‘tarib yur­gandek og‘irlik sezadi. Shunga o‘xshash, uning gunoh­la­ri, dinga xi­lof ishlari uchun tavba qilishni keyin­ga su­rayotganini ham ko‘ra­miz. Agar inson nafsi gunoh qilishga va shahvoniyatga og‘ishga odatlansa, ulardan qutulib ketishi qiyin bo‘ladi. Chunki kun o‘tgan sayin ularga muhabbati va ko‘nikmasi ortib, gunohi kattalashib borave­ra­di va uning ta’siri qalbida o‘rnashib, hatto o‘z qorasi bilan uni o‘rab olib, qorong‘ilikka chulg‘aydi. Bunday qalbga hidoyat­dan zarracha shu’la yoki nur kirolmaydi.

 

Hadisi sharifda: “Agar musulmon kishi gunoh qil­sa, uning qalbida bir qora nuqta paydo bo‘ladi. Agar tavba qilib, gunohdan o‘zini tortsa va istig‘for aytsa, qalbi poklanadi. Agar gunoh qilaversa, qalbidagi shu qora nuqta kattalasha­veradi, hatto qalbini o‘rab oladi”, deyilgan.

 

Oyati karimada zikr qilinganidek, qalbni gunoh­lar qop­la­shi mana shudir:

 

Ya’ni: “Balki, ularning dillarini o‘zlarining qil­mish­lari (gunohlari) qoplab olgandir” (Mutaffifun, 14).

 

Beshinchidan, albatta, mehnat tirik insonning mu­him maq­sadidir. Ishlamaydigan odamning esa yasha­shi ham qiyin. Xoh diniy, xoh dun­yoviy bo‘lsin, inson­dan ishlash talab qilinadi.

 

Musulmonlarda mashhur hikmat bor: “Sen dunyoing uchun go‘yo abadiy yashab qoladigandek ishla, oxirating uchun xuddi ertaga o‘ladigandek ishla”. Kishilarning zamonga muttasil malo­mat toshini otishlari va uning zulmidan, kunlar og‘irligidan doimiy shikoyat qilishlari yaxshi ishga putur yetkazadigan ofatlardandir. Bularning barchasi jabariylar qarashining illatlaridan, ular shaxs va jamiyatga shunday munosabatlari bilan o‘z nafslarini “poklashga” urinadilar, xato va gunohlar yukini ko‘tarishdan qochadilar, uni boshqalarga yuklab, o‘zlari qutulib qolmoqchi bo‘­ladilar. Mashaqqatni albatta yo bir-birlariga, yo za­mon­ga, yo qadarga, yo boshqa biror narsaga yuklaydilar. Aslida esa, ustilariga yog‘ilayotgan balo va rizqu ne’mat tortib qo‘yilganiga yuzaki boqishdan ko‘ra, chuqur­roq tahlil va tafakkurga berilishlari, ixlos bilan meh­nat qilishga o‘rganishlari kerak. Zamon Alloh taolo yurgizgan qonun va yo‘lga muvofiq hodisalar idi­shidirki, bu narsa sahih hadis ma’nosida ko‘rinadi: «Zamonni so‘kmangiz, chunki Alloh o‘zi zamondir (ya’ni, u zamon qonun va qoidalarini tuzuvchidir)».

 

Musulmonlar Uhud g‘azotida mag‘lub bo‘lishganida Ra­su­lulloh (sollallohu alayhi va sallam) ular bilan birga edilar. Shu jangda yetmish nafar qahramon sahobiy shahid bo‘ldi. Sahobalar o‘zlariga yetgan balo va jarohat sababini so‘rashdi. Javob esa qur’oniy edi:

 

Ya’ni: «Sizlarga (Uhud jangida) bir musibat yetgan bo‘l­sa – sizlar (ularga Badr jangida) uning ikki barobariga teng musibat yetkazgansiz. “Bu (musibat) qayoqdan keldi?” – deysizmi?! “U – o‘zingizdan”, – deb ayting! Albatta, Alloh har narsaga qodirdir» (Oli Imron, 165).

 

Barchamiz o‘tayotgan har soniya, daqiqa va kecha-kunduz­larimizdan ibrat olmog‘imiz va foydalanmog‘imiz kerak. Zero, kecha va kunduz yangilarni eskirtiradi, uzoqlarni yaqin qiladi, umrlarni qisqartiradi, yoshlarni ulg‘aytiradi, o‘lim sari yaqin­lashtiradi. Shu­ning uchun ham umrni g‘animat bil­mog‘imiz va eng foy­dali, savobli ishlar bilan o‘tkaz­mog‘imiz kerak bo‘ladi.

 

Alloh taolo hammalarimizni vaqtni zoye ketkaz­maydi­gan, uni ezgu amallar yo‘lida sarflaydigan so­lih va g‘ayrat­li banda­la­ri jumlasidan qilsin.

Manba: muslim.uz

Kiritildi: 18:00 07.07.2019. O'qildi: 7861 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!