— Balog‘atga yetmagan bola Ramazon ro‘zasini tutishi mumkin. Ya’ni bu unga farzmi? Ayting-chi, Ramazon ro‘zasi o‘zi kimlarga farz?
BILOL
Chinoz tumani
— Ramazon ro‘zasi musulmon odamga, aqlli insonga, balog‘atga yetganga, sog‘lom va muqim odamga, hayzu nifosdan pok ayolga farzdir.
Demak, kofirga lozim emas. Aqlidan zoyil bo‘lgan majnunga farz emas. Balog‘atga yetmagan yosh bolaga ro‘za farz emas.
Kasal sog‘ayganidan so‘ng qazo ro‘za tutib beradi. Shuningdek, musofir yurtiga kelganidan keyin ayol hayzu nifosdan tozalangandan so‘ng ro‘za tutadilar, tutmagan ro‘zaning qazosini tutib beradi.
Homilador yoki sut emizuvchi ayol o‘zlariga va bolalariga ziyon yetmaydigan bo‘lganda ro‘za tutadi, o‘tkazib yuborgan ro‘zalarining qazosini tutadi. Ulug‘ yoshdagi bobo yoki momo ro‘za tutishga qiynaladigan bo‘lsa, ro‘za tutmay qo‘ya qoladi. Uning o‘rniga fidya beradi. Qiynalmaydigan bo‘lsa, ro‘zalarini (yoki qazosini) tutadi. Shuningdek, tuzalmaydigan kasalmandlar fidya beradi. Og‘ir ishda ishlaydiganlar ham ro‘za tutmasligi mumkin.