Bugun 29 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

BAA prezidenti Flydubai aviakompaniyasi ekipajini davlat mukofoti bilan taqdirladi

BAA prezidenti Flydubai aviakompaniyasi ekipajini davlat mukofoti bilan taqdirladi

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) prezidenti shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon samolyotni olib qochishga urinish bilan bog‘liq hodisa vaqtida ko‘rsatgan jasorati uchun flydubai aviakompaniyasi reysi ekipajini birinchi darajali Zoid II ordeni bilan taqdirladi.

Bu haqda Dubay hukumati matbuot xizmati ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

«BAA prezidenti sentyabr oyida samolyot bortida sodir bo‘lgan hodisada ishtirok etgan Flydubai ekipaji a’zolarini yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi jasoratli harakatlari e’tirofi sifatida birinchi darajali Zoid II ordeni bilan mukofotladi», — deyiladi xabarda.

Mukofotni Dubay valiahd shahzodasi Hamdan bin Muhammad Ol Maktum topshirdi. U ekipaj a’zolarining harakatlarini va ularning mas’uliyat hissini yuqori baholadi.

30 sentyabr kuni Dubaydan Tel-Avivga yo‘l olgan Flydubai reysi xavfsizlik bilan bog‘liq hodisa sababli Saudiya Arabistonining Tabuk shahri aeroportiga shoshilinch qo‘ngan edi.

1 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi hodisaga ikkinchi uchuvchining samolyot komandiriga hujum qilishi sabab bo‘lganini tasdiqladi. Hodisa oqibatida har ikki uchuvchi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Vazirlik ma’lum qilishicha, sog‘liqlari yaxshilanganidan so‘ng har ikki uchuvchi amirliklar xavfsizlik kuchlari hamrohligida Abu-Dabiga uchib ketgan. Ekipajning qolgan olti nafar a’zosi esa Dubayga omon-eson qaytib kelgan.

BAA rasmiylari hozirda hodisaning sabablari va tafsilotlarini, jumladan, samolyotdan foydalanish bilan bog‘liq jihatlar hamda xavfsizlik choralarini tekshirishni davom ettirmoqda.

Kiritildi: 18:50 28.10.2026. O'qildi: 398 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!