Hozirgi kunda ayollar mehnat munosabatlarida har doimgidan ko‘ra faol ishtirok etmoqdalar. Ular so‘nggi vaqtlarda nafaqat xodim maqomi, balki rahbarlik lavozimlarini egallashda erkaklar bilan teng imkoniyatlardalar.
2019 yilning 8 dekabrida 34 yoshli Sanna Marinning Finlyandiya Bosh vaziri bo‘lishining xalqaro rezonansga aylanganligi ham gender masalasi butun dunyoni qiziqtirishini namoyon etdi. Ayollar rahbarligi xususiyatlari ayniqsa o‘sha vaqtlarda barchaning e’tiborida bo‘ldi.
Ayollar mehnat munosabatlarda erkaklarga nisbatan passiv jins vakillari hisoblanadilar. Bunga ko‘pgina ob’ektiv faktorlar sabab bo‘ladi. Ayollarning oilaviy majburiyatlari va fertillik xususiyati to‘g‘risidagi ko‘pchilikning an’anaviy “ong osti tasavvurlari” ularning karyeraviy o‘sishida “oynavand shift”ni vujudga keltiradi. Mehnat qonunchiligida homilador va bolali ayollarga nazarda tutilgan imtiyozlar ham ko‘p hollarda ularning mehnat munosabatlarida kamsitilishiga sabab bo‘ladi, “antikafolat” bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘p hollarda xotin-qizlarga “ayollarga xos” bo‘lgan kasblarni egallashni tavsiya etish “eskicha fikrlash” bo‘libgina qolmasdan, ular mehnat imkoniyatlarini cheklovchi omil hamdir.
Kam malaka talab qiladigan ishlar (masalan, mavsumiy ishlar, uy xizmatchilari)da band bo‘lgan ayollar mashg‘ulotlari sohasining qonunchilikda yetarli darajada tartibga solinmaganligi yoki mavjud normalarda bo‘shliqlarning bo‘lishi xufiyona iqtisodiyotning sababchisidir.
2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi va “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlarning qabul qilinishi ayollar mehnat huquqlarining ta’minlanishida muhim davrni ochib berdi.
Bugungi kunga kelib har jabhada rahbar ayollarning ulushi ortmoqda. Davlat va jamoat tashkilotlarida bir yarim mingga yaqin xotin-qizlarimiz rahbarlik lavozimlarida ishlamoqdalar. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 7 martdagi Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqida ta’kidlashicha, ayni vaqtda ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni o‘qitish, malakasini oshirish tizimi yaratilmoqda.
2019 yil Parlamentga saylangan deputatlardan 102 nafari erkaklar va 48 nafari ayollar ekanligi (2014 yilda bu ko‘rsatkich 126-24 edi) ham xotin-qizlarning jamiyat hayotida va siyosatda faolligi ortib borayotganligini anglatadi.
NOSOG‘LOM FIKRLI RAHBAR
Mamlakatimizda ayollarning kasbiy o‘sishida so‘nggi paytlarda qator imkoniyatlar yaratilayotgan bir sharoitda xotin-qizlarning rahbarlik lavozimlaridagi ulushi erkaklarnikiga nisbatan har doim ozchilikni tashkil etadi. Xo‘sh, ayolning rahbar bo‘lishiga nima mone’lik qiladi? Shu voqelikni tahlil qilamiz:
Birinchidan, an’anaviy oilalarda qizlarga bolalikdan “ayollarga mos kasb”larni tanlash tavsiya etiladi. Bundan tashqari, ko‘p hollarda ayol ishlagani taqdirda ham u ko‘pchilik nazdida rahbar emas, balki xodim maqomida tasavvur etiladi. Mazkur illatni yo‘qotish uchun huquqiy ong va madaniyatni oshirish lozim;
Ikkinchidan, diniy va mentalitetga oid rahbar tushunchasiga tegishli qarashlar. Mamlakatimiz aholisining aksariyati islom diniga itoat qiladi. Islom dini ta’limotini aksariyat hollarda noto‘g‘ri talqin qilish, mutaassiblik natijasida ko‘pchilik nafaqat oilada, balki jamiyatning har qanday jabhasida rahbar sifatida erkaklarni ko‘radilar. Vaholanki, Qur’oni karim Niso surasi 34-oyatida “Alloh ba’zilarini ba’zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar” deyiladi. Islom huquqi manbalarida bu masala bilan bog‘liq ko‘plab tahliliy mulohazalar bor.
Uchinchidan, tashkilot va muassasalarda mehnat qonunchiligiga amal qilinmasligi. Ko‘plab jamoalarda “rahbar ketmagunicha tarkibiy bo‘linma rahbarlari ishdan ketishi joiz emas” degan noqonuniy va g‘aliz tushunchaning mavjudligi.
O‘zbek oilalarida ayol rahbar bo‘lgani taqdirda ham u ovqat qilish, uy yig‘ishtirish va shu kabi oilaviy yumushlarni o‘z bo‘ynidan soqit qilolmaydi. Shu tufayli ayolga o‘z mehnat huquqlaridan istifoda qilishiga yo‘l qo‘ygan oila a’zolari ham kun kelib ishdan kech qaytgani tufayli jismonan charchagan ayolni “tushunmay qo‘yadi”. Bu esa kelishmovchilik va nizo, oxir-oqibat ayrim hollarda ajralishgacha olib kelishi mumkin.
Sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan salbiy hodisalarning oldini olish uchun korxonalarda ish vaqtiga qat’iy amal qilinishi, bunda jarayon emas, natijaga e’tibor qaratilishi, rahbarlarni “kechgacha ishda qolgani” uchun emas, taym-menejmentni to‘g‘ri tashkil qilgani uchun rag‘batlantirishni yo‘lga qo‘yish lozim;
To‘rtinchidan, oilada turmush o‘rtoq sanalgan ayol jamiyatda faollashib, rahbarlik lavozimlarini egallashi “nomukamallik kompleksi” bor erlarga yoqmaydi. Bunda ba’zi erkaklar oiladagi o‘z hukmronligini nosog‘lom yo‘llar mustahkamlamoqchi bo‘ladi (o‘rinsiz rashk; kundalik yumushlar, fe’l-atvor bilan bog‘liq bo‘lar-bo‘lmas e’tirozlar bilan ayolni kamsitish). Er-xotinlik munosabatlarida ba’zan hatto uy bekasidek oddiy huquqlarga ega bo‘lmaslik bora-bora rahbar ayolning sabr kosasini to‘ldiradi. U o‘z mehnat imkoniyatlaridan foydalanishi uchun bu tariqa “tovon to‘lash”ni kun kelib xohlamay qoladi.
Bu vaziyatlarning yakuni ham ba’zi hollarda oilaning darz ketishiga sabab bo‘lishi mumkin. Ayanchli holatlarning oldini olish uchun huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, kishilar huquqiy madaniyatini yuksaltirish lozim;
Beshinchidan, ko‘p hollarda ayollar mehnat munosabatlarida aynan ayol rahbarlar tomonidan diskriminasiya qilinadi. Agar iqtidorli ayol nogahon noinsof ayol rahbarning qo‘l ostida bo‘lsa, u mobbing, bulling, bossing kabi psixologik hujumlar natijasida rahbarlik tugul oddiy xodimlik maqomidan ham voz kechib yuborishi mumkin bo‘ladi. Chunki noinsof rahbar mazkur ayol xodimda o‘ziga “raqib”ni ko‘radi.
Nosog‘lom fikrli rahbar kadrning “injiqligi” kuchli mutaxassisni yo‘qotish kabi davlat va jamiyat uchun salbiy holatlarni vujudga keltiradi.
“Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun hamda kuni kecha – 2020 yilning 4 yanvarida e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 3-sonli qarorida ish joylaridagi tazyiq va zo‘ravonlik ham nazarda tutilib, xotin-qizlarga nisbatan ish joyida tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazilgan hollarda, bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan, shuningdek, xotin-qizlar bilan o‘zaro munosabatlar madaniyatini oshirish bo‘yicha tashkilotlarda profilaktika tadbirlari o‘tkazish mehnat organlariga yuklatilishi belgilandi.
Mazkur salbiy voqeliklarning oldini olish maqsadida barcha tizimdagi ish beruvchilar korxonalarda sog‘lom muhit hukmron bo‘lishiga e’tibor berishlari kerak. Sudlarning mehnat shartnomasini bekor qilish bilan bog‘liq bo‘lgan nizolarni ko‘rishda mobbing, bulling, bossing kabi holatlarni inobatga olishi qonunchilikda mustahkamlanishi lozim.
Tadqiqotlarga ko‘ra, ayol rahbar bo‘lishining bir qator afzalliklari bor: u rahbarlik qilayotgan joyda korrupsiya kamdan-kam uchraydi; xotin-qizlar ish joylarida qo‘nimli bo‘ladilar; ayollar erkaklarga nisbatan ko‘p hollarda diplomatroq va vaziyatlarga chidamliroq bo‘ladi.
Shu tufayli mehnat qilayotgan ayollarga sharoit yaratish, ularning rahbarlik lavozimlarida ishlashlariga imkon yaratish bugungi kunning dolzarb masalasidir. Zero, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti SH.Mirziyoyev aytganlaridek, joylarda odamlarning dardu tashvishlarini, oila va mahalladagi ahvolni hammadan yaxshi biluvchi, ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida hal etishda jonbozlik ko‘rsatuvchi ham – ayoldir!
D.Atajanova, TDYUU Mehnat huquqi kafedrasi mudiri
B.Rahimberganova, TDYUU Mehnat huquqi kafedrasi o‘qituvchisi
Manba: uza.uz