— Ayol kishi qachon va qanday holatda eridan taloq so‘rashi mumkin? O‘zini o‘zi ham taloq qilsa bo‘ladi, deb eshitdim. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.
— Xotin kishi erini yoqtirmasa yoki eri unga yomon munosabatda bo‘lsa, eridan taloq qilishini so‘rashi mumkin. Bu dinimizda xulu’ deyiladi. Xulu’ – xotinning eriga pul taklif qilish yoki mahrdan bir qismini qaytarib berish evaziga taloq so‘rashidir.
Alloh taoloning: “Agar ularning Alloh buyruqlarini bajara olmasliklaridan qo‘rqsangiz (eridan taloq olish niyatida) evaz berishida (va erning shu evazni olishida) er-xotin uchun gunoh yo‘q” (Baqara surasi, 229-oyat), degan so‘zi xulu’ mumkin ekaniga dalildir.
Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Aytdi: “Sobit ibn Qays ibn Shamosning xotini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning oldilariga keldi va: “Yo Rasululloh, men uning xulqi va dinidan nolimayman. Lekin Islomdagi noshukrligini yomon ko‘raman”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Unga bog‘ini qaytarib berasanmi?” dedilar. U ayol: “Ha”, dedi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Sobitga: “Bog‘ni qabul et va uni bir taloq qil”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bunday holatlarda xotin eridan taloq talab qilishi mumkin. Bu Islom dinining adolatini, ayol va erkakka o‘z haq-huquqlarini berishdagi qiymatini ko‘rsatadi.
Shariat o‘lchovida aqlga sig‘adigan sabab bo‘lmasa, xotinning eridan taloq so‘rashiga ruxsat berilmaydi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Biron sababsiz eridan talog‘ini so‘ragan ayolga jannatning hidi (ham) harom”, degan so‘zlari keltirilgan (Imom Abu Dovud rivoyati).
Agar er ayoliga “ixtiyoring o‘zingda” yoki “talog‘ing qo‘lingda”, desa, ayol kishi o‘zini taloq qilishi mumkin. Buning tafsilotini bu sohada mutaxassis bo‘lgan ahli ilmdan bilib olish kerak bo‘ladi.
Muhammad Ayyub HOMIDOV