Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Avtomat kir yuvish mashinalarida yuvilgan kiyimlar pok bo‘lmaydimi?

Avtomat kir yuvish mashinalarida yuvilgan kiyimlar pok bo‘lmaydimi?

Savol: Hozirgi kunda ko‘pchilik avtomat kir yuvish mashinalaridan foydalanadi. Unga pok va nopok kiyimlar aralash solinadi. Shunday yuvilgan kiyimlar pok bo‘ladimi?

Javob: Nopok kiyimlar zamonaviy avtomatik kir yuvish mashinalarida yuvilsa, shubhasiz, pok bo‘ladi va ular bilan turli ibodatlarni bajarish mumkin.

Ulamolarimiz najosatlarni ikkiga – ko‘rinadigan va ko‘rinmaydiganga ajratadilar. Ko‘rinadigan najosatlarni poklash to‘g‘risida “Fatavoi hindiyya”da shunday deyiladi: “Agar ko‘rinadigan najosat bo‘lsa, uni poklash – ayni o‘zini ketkazish, agar izi (rangi, hidi) yo‘qoladigan narsa bo‘lsa, izini yo‘qotish bilan bo‘ladi. Bu ishda yuvish sonining e’tibori yo‘q (“Muhit”).

Bir marta yuvganda najosatning ayni (ya’ni, o‘zi) ketsa, shu bilan kifoyalanadi. Agar uch martada ham ketmasa, toki najosatning ayni ketguncha yuviladi” (“Sirojiya”).

Asmo roziyallohu anho ayt dilar: «Bir ayol Nabiy sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib: “Birortamiz kiyimida hayz ko‘rsa (ya’ni, kiyi miga najosat tegsa), qanday qiladi?” dedi. U zot alayhissalom: “Uni (ya’ni, ayni najosatni) ketkizasiz, ke yin suv bilan ishqalab yuvasiz. So‘ngra u kiyimda namoz o‘qiyverasiz”, deb javob berdilar» (Imom Buxoriy rivoyati).

Asari (ya’ni, hidi yoki rangi) ko‘rinmaydigan najosatdan poklash – uni uch marotaba yuvish va agar imkoni bo‘lsa, uch marotaba siqish bilan bo‘ladi (“Muxtasarul viqoya”).

“Aslida kiyimni najosatdan poklash (yuvish) “Endi kiyim toza bo‘ldi”, degan xayolga kelguncha davom etadi. Chunki mana shunday g‘olib gumon shar’iy masalalarda (xususan, aniq bilish uzrli bo‘lgan holatlarda) dalildir. Lekin vasvasadan qutulish uchun yuvishning sonini uch yoki yetti marta, deb belgilab qo‘yiladi” (“Ixtiyor”).

Demak, ko‘rinmaydigan najosatlarda siqish imkoni bo‘lgan ashyolarni poklash uchun ularni uch marotaba yuvish va har yuvganda siqib, imkon qadar suvini chiqarib yuborish lozim bo‘ladi.

Zamonaviy kir yuvish mashinalarida yuvilgan narsalarni hukmi haqida Misrning “Darul-ifto” fatvo hay’ati quyidagicha xulosa qiladi: “…Kiyimlarni avtomatik kir yuvish mashinalarida poklash – boshqa yuvish usullaridan ko‘ra ancha mukammaldir. Chunki avval boshda bir necha marta yuvish bilan najosatning ayni – ta’mi, rangi va hidi yo‘qoladi. Keyingi (to‘rtinchi va beshinchi) yuvishlar bilan najaslik hukmi ham ketadi. Kiyimlarni avtomatik mashinalarda poklash – ularni najosatdan mukammal tozalashdir”.

Demak, avtomat kir mashinalarga solingan nopok kiyimlarga dastlab sovunli suv quyilganda (taxminan uch marta) najosat tarqaladi, lekin shu bilan birga undagi ayni najosatlar ketadi. To‘rtinchi va beshinchi marta toza suv bilan yuvilganda esa najosat hukmi butunlay ketadi. Buning ustiga har gal suv quyib yuvilganda kiyimdagi suv butkul chiqarib yuboriladi va bu siqishning o‘rniga o‘tadi.

Avtomat kir yuvish mashinasi ichidagi kiyimlar solinadigan chambarak (baraban)ning o‘zi qanday pok bo‘ladi, deyilsa, unga “Fatavoi hindiyya” kitobida keltirilgan jumla bilan javob beriladi: “Najosat kiyim uchta kir yuvish tog‘orasida (bir martadan) yoki bitta tog‘orada uch marta yuvilsa va har safar siqib olinsa, pok bo‘ladi. Chunki shu tarzda yuvish odat tusiga kirgan. Agar shunda ham kiyim poklandi, deb hisoblanmasa, odamlarga mashaqqat bo‘ladi”.

Xulosa o‘rnida, hozirgi kunda ommalashib ulgurgan avtomatik kir yuvish mashinalarida yuvilgan kiyim va matolarni najosatdan to‘liq pok langan deyishimiz mumkin.

Shuni eslatib o‘tish kerakki, yuqorida aytilgan hukmlar faqat to‘liq avtomat kir yuvish mashinalariga tegishli, yarim avtomat yoki oddiy kir yuvish mashinalariga tegishli emas. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati

“Islom Nuri” diniy-ma’rifiy gazetasining 2020-yil, 22-sonida

Kiritildi: 21:45 17.01.2021. O'qildi: 8832 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!