Avstraliyaning Melburn shahrida joylashgan 48 qavatli ofis binosining tashqi devorlari va tomiga 1 391 ta quyosh paneli o‘rnatildi. Mazkur binoga integrasiya qilingan tizim 375 kVtgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. U 2026 yil oxirida to‘liq ishga tushirilgach, binoning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 20 foizigacha qismini qoplashi kutilmoqda.
Loyiha Avstraliya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib, ko‘p qavatli tijorat binolarining tashqi devorlariga quyosh panellarini keng ko‘lamda o‘rnatish bo‘yicha dunyodagi ilk yirik loyihalardan biri hisoblanadi. Panellar binoning 2 680 kvadrat metrdan ortiq tashqi maydonini egallagan.
Tizim ikki tomonlama ishlaydigan monokristalli quyosh elementlaridan tashkil topgan. Panellar quyosh nuridan elektr energiyasi ishlab chiqarish bilan birga, bino ichiga ortiqcha issiqlik kirishini ham kamaytiradi.
Quruvchi Cbus Property kompaniyasi bosh direktori Kris Kakufasning ta’kidlashicha, loyiha BIPV (Building Integrated Photovoltaics) texnologiyasi asosida amalga oshirilgan. Ushbu texnologiyada quyosh panellari binoning tashqi konstruksiyasiga bevosita integrasiya qilinib, bir vaqtning o‘zida qurilish materiali va elektr energiyasi manbai vazifasini bajaradi.