Tarixda birinchi marta ayol kishi Avstraliya armiyasini boshqaradi. Bu haqda Avstraliya hukumati ma’lum qildi, deb yozadi Reuters.
Birlashgan kuchlarning hozirgi boshlig‘i general-leytenant Syuzan Koyl iyul oyida quruqlikdagi qo‘shinlar boshlig‘i bo‘ladi. U general-leytenant Saymon Styuartning o‘rnini egallaydi.
Agentlik ta’kidlaganidek, tayinlov Avstraliya qurolli kuchlarining o‘z saflarida ayol ofiserlar sonini ko‘paytirishga intilishi fonida sodir bo‘lmoqda, chunki armiya muntazam jinsiy zo‘ravonlik va kamsitish bo‘yicha ayblovlar to‘lqiniga duch kelmoqda.
"Iyul oyidan boshlab Avstraliya armiyasi tarixida birinchi ayol shtab boshlig‘i lavozimiga ega bo‘lamiz," - deyiladi bosh vazir Entoni Albaneze bayonotida.
Mudofaa vaziri Richard Marls 55 yoshli Koylning tayinlanishini "chuqur tarixiy lahza" deb atadi.
"Syuzanning yutug‘i bugungi kunda Avstraliya mudofaa kuchlarida xizmat qilayotgan ayollar va kelajakda Avstraliya mudofaa kuchlarida xizmat qilish haqida o‘ylayotgan ayollar uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi," - deya qo‘shimcha qildi u.
Bu tayinlov armiyada ayol ofiserlar ulushini oshirishga qaratilgan siyosatning bir qismi hisoblanadi.
Hozirda ayollar Avstraliya Mudofaa kuchlarining taxminan 21%ini, yuqori rahbarlik lavozimlarining esa 18,5%ini tashkil etadi.
2030 yilgacha ayollar ulushini 25%ga yetkazish rejalashtirilgan.