Bugun 11 noyabr, 2026 yil, chorshanba

КИР

Armanistonda ikki nafar rossiyalik harbiy hibsga olindi

Armanistonda ikki nafar rossiyalik harbiy hibsga olindi

Armanistonda Rossiyaning Gyumri shahridagi harbiy bazasida xizmat qiluvchi ikki nafar harbiy Ukraina fuqarosini kaltaklashda gumonlanib hibsga olindi. Hodisa taxminan bir oy oldin sodir bo‘lgan. Bu haqda «Ozodlik» radiosining Armaniston xizmati xabar berdi.

Jabrlanuvchi Dmitriy Samuilenko huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, Gyumri shahrining Ani hududida ikki nafar rossiyalik harbiy tomonidan kaltaklanganini ma’lum qilgan.

Armaniston Tergov qo‘mitasi ma’lum qilishicha, bir guruh shaxslar tomonidan jismoniy zo‘ravonlik ishlatilgani bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ikki nafar harbiy yengil tan jarohati yetkazishda ayblanib, hibsga olingan. Hujum sabablari hozircha aniqlanmagan.

Bu Gyumrida rossiyalik harbiylar ishtirokidagi zo‘ravonlik holati haqidagi birinchi xabar emas. Avvalroq huquq himoyachisi Artur Sakuns Armaniston Bosh prokuraturasiga rossiyalik harbiylar yosh yigitni kaltaklayotgani va tahqirlayotgani aks etgan videotasvirni taqdim etgan edi.

Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan tekshiruv harakatlari olib borilayotganini va ular yakunlanganidan so‘ng keyingi choralar bo‘yicha qaror qabul qilinishini ma’lum qildi.

Rossiyaning Gyumridagi harbiy bazasi va Armanistondagi Rossiya elchixonasi hozircha ushbu hodisalar yuzasidan rasmiy izoh bermagan.

Kiritildi: 23:26 10.11.2026. O'qildi: 314 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik