Tehron Qo‘shma Shtatlar bilan urush muqarrar emas va uning oldini olish mumkin, deb hisoblaydi.
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chi bu haqda CNN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Eron tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, mamlakat urushga to‘liq tayyor, ammo bu Tehron urushni xohlaydi degani emas: "Aksincha, biz undan qochishni xohlaymiz".
Arag‘chining ta’kidlashicha, Eron muzokaralarda Qo‘shma Shtatlarga ishonchini yo‘qotgan.
"Sababi aniq. Avvalgi yillarda biz yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar olib borgan edik, ammo Qo‘shma Shtatlar hech qanday asossiz chiqib ketdi. Agar o‘tgan yilga nazar tashlasak, muzokaralarni boshlashga qaror qilganimizda, avval Isroil, keyin Qo‘shma Shtatlar bizga hujum qildi. Shuning uchun bizda amerikaliklar bilan ijobiy tajriba yo‘q. Muzokaralar "haqiqiy" bo‘lishi uchun bu ishonchsizlikka barham berish kerak", deb ta’kidladi Eron tashqi ishlar vaziri.
Uning ta’kidlashicha, Eron o‘zining yadroviy dasturi bo‘yicha muzokaralar olib borishga va ularning to‘liq tinchliksevar bo‘lishiga kafolat berishga tayyor.
"Biz tinchliksevar yadroviy dasturimizga ishonchni mustahkamlashga va buning evaziga sanksiyalarning bekor qilinishini kutamiz", dedi u.