Bugun 26 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Arab shayxi: menga jannatni emas O‘zbekistonni tasvirlab bering

Arab shayxi: menga jannatni emas O‘zbekistonni tasvirlab bering

Shuhrat bobo hamda Fotima momoning Muborak Haj safaridan qaytganiga ham uch yil bo‘libdi. Ammo, otaxonning Makka ko‘chalaridagi bir arab shayxi bilan bo‘lgan suhbati taassurotlaridan hali ham hayratdaman. Bu men uchun ibrat va shukronalik ne’mati. Nega?

O‘ylab ko‘raylik, oddiy bir o‘zbekning kundalik hayoti tasviri badavlat bir arab shayxi nazdida jannatni tasvirlashdek qiymatga ega ekan, nega hadeb hayotdan nolish, atrofda bo‘layotgan bunyodkorlik, obodlikni atayin nazarga ilmaslik, aslida hayot ne’mati boylik emas xotirjam o‘tgan bir kun bilan qiyoslanishini tan olmasligimiz kerak. Nega bu musaffo osmon, bu saxovatli zamin, bu chug‘urchuq nabiralar aslida baxt ekanligini anglab yetmasligimiz kerak.

Nega bu ne’matlar qadrini anglagandan keyin attang deya peshonaga urishimiz kerak.

Mana shu kabi xayollar Makka ko‘chalarida Shuhrat bobo va arab shayxi o‘rtasidagi suhbatni yana bir bor eslashga asos bo‘ldi.

Esimda, Makka ko‘chalarida ikki odam mashinasidan tushi b yonimga keldi. Oppoq soqolimga tikildi-da, kamzulimga qarab “Yuzingizdan nur yog‘iladi. Qayerdansiz?”-deb qoldi.

Shunda men: “Behisob shukr, O‘zbekistondanman”-dedim.

Nogahon, “Otaxon, men asli o‘zbekman. Qatag‘on davrida ota-onam shu yerda panoh topgan. Ota yurtim O‘zbekiston. Uzr, bu janob saudiyalik arab shayxlaridan. U sizdan yurtingiz hayoti, bir kunlik hayotingiz qanday o‘tishini so‘ragisi kelyapti” – deb qolsa bo‘ladimi? Keyin bilsam u yigit tilmoch ekan.

- “Mayli bolam, sadqai suxaning. Jonim bilan. Azonda uyg‘onaman. Kelinlarim baraka topsin, issiq suv-u sochiqlarni hozirlab qo‘yishadi. Joynamoz ustida yurtimiz tinchligi, nabiralarim kelajagini so‘rayman. Azonlab dalaga jo‘nayman. Quyoshni uyg‘otish ilinjida bedana-yu, bulbul xonishi, qaldirg‘ochlarning sho‘x raqslarini miriqib tomosha qilaman. Har ketmon urganda, Xudodan rizq-nasiba so‘rayman. Nonushtaga tirsillab yorilgan qovun, qirsillagan olmalarni bog‘imdan uzib xonadonimga shoshaman. Shirmoy yuzli nabiralarimni tizzamga qo‘yamanda, sersut sigirimning qaymog‘ini obi nonga botirib mazza qilib tanovul qilamiz. Boshqalarni bilmadim-u, mening xonadonimda chaqaloq va non ifori doim ufurib turadi. So‘ri atrofidagi sadarayhonni aytmay qo‘yay. Kampirim baraka topsin gullardan ko‘zlarim quvnashini biladi. Uyimning har burchagidan beshikning g‘iychillashi-yu, avlodim davomchilariga aytilayotgan alla sadolari ostida yana dalaga jo‘nayman. To kun qiziguncha, qirdagi intensiv bog‘imga sho‘ng‘iyman. Nogahon bog‘ yaqinidagi buloqning zilol suvida chayqalib suzayotgan olmalarni ko‘rib ishtaham ochiladi. Belbog‘imdagi nonni musaffo buloq suviga botirib paqqos tushiraman. Quyosh tikka bo‘lgach, oilamga chopaman. Qirsillagan tarvuzdan nabiralarim chapak chaladi.

Biroz pinakka ketib so‘ngra choyxonaga chiqaman. Olov hidi ufurib turgan pamil choyni sipqorib nuroniy chollar bilan gurung qilaman. Biz o‘tirgan shotining ostidan muzdek anhor oqadi. Nogoh Xizr alayhissalom haqida o‘ylayman. Xizr alayhissalom o‘tirgan joy, namoz o‘qigan cho‘llar yam-yashil, qurigan o‘t-o‘lanlar chayqalib ko‘karishidek karomatga imon keltiraman. Xizr degani “yam-yashil” deganida bolam.

Bo‘lmasa cho‘lning qoq o‘rtasida Samarqandu Buxoro, Xiva-yu Shahrisabz nima qilsin. Qizilqum sahrosi yuragida Nurota chashmasiga nima bor?

Ostona hatlab uyga kirsam, dimog‘imni palovxonto‘raning isi qitiqlaydi. To men qo‘l uzatmaganimcha, hech kim taomga qo‘l uzatmaydi. So‘ngra o‘g‘illarim ishkomdan saratonning oftobiga qizargan uzumlardan olishadi.

Nabiralarim ertak eshitish ilinjida oyoq-qo‘llarimni uqalay boshlaydi. Biram rohatki, ta’rifga til ojiz. Bolam bir kunlik hayotim shu” – deb tarjimonga yuzlanibdi.Ha aytgancha, esim qursin. Bolam bir gapni aytmasam bo‘lmaydi. Bir kuni yo‘lda ketayotsam qo‘qqisdan, adirlikda terak novdasiga ko‘zim tushib qoldi. Adirda terak qadagan chala bog‘bondan achchig‘im chiqdi. Birdan xandon otib kulib yubordim. Sababi, o‘sha cho‘pni o‘tgan yili cho‘ponlar adirga suqib ketishgan.

Erga suqilgan terak shohi esa niholga aylanibdi. Jannatmakon O‘zbekistonda!

Mana sen payg‘ambar avlodiman deysan bolam. Qur’onni bilasan. Zamaxshariy bobom yozgan arab grammatikasi o‘qigansan maktabda, barakalla. Al-Buxoriy bobom to‘plagan “Saxixiy Buhoriy” kitoblarini o‘qigansan. Endi Qur’ondagi oyatlarni bir esla.

Alloh Qur’onning Tavba surasida “Alloh mo‘minlarga ostidan anhorlar oqib turadigan, mangu yashaydigan jannat (bog‘)laridagi yoqimli maskanlarni va’da qildi. Allohning rizosi esa, (hammasidan) buyukroqdir. Ana shu(lar) ulkan yutuqdir” (72-oyat) deya xushxabar bergan.

Senga bir maslahat beray. O‘zbekistonga bor. Shunda ushbu oyatning bu dunyodagi tasvirini ko‘rasan. Yam-yashil ishkom ostidan oqib o‘tayotgan anhorga razm solasan. Kavsar bulog‘idek tiniq va shaffof. Anhor ustidagi soya-salqin so‘ridan tushmay shundoq tepaga qo‘l cho‘zasan, dunyo bozorlarida talash Parkent uzumi, yon tomonga qo‘l cho‘zsang koreyslar sevgan gilos, yaponlarni lol qoldirgan nashvati noklarni ko‘rginda keyin meni esla.

Tilmochning tarjimasidan so‘ng arab shayxining bir yuzi jilmaysa, ikkinchi yuzi hayratdan qotganmish. Otaxonning aytishicha, niqob qiroli Jim Kerri hijolatmish. Arab tilmochga allanimalar debdi.

Shunda tilmoch:

-Kechirasiz otaxon, bu janob javobingizdan hayron. Ochig‘i, suqilgan tayoqni ko‘kartirayotgan jannatmakon zamin, tars yorilgan qovun-u, buloqda oqib kelayotgan qirmizi olmalar, muzdek suvda botirib paqqos tushirilgan non, yam-yashil ishkom ostidan oqib o‘tayotgan kavsar bulog‘idek tiniq va shaffof anhor ustidagi so‘ridan tushmay kirsillagan uzum, tilyorar nashvati noklarni uzib olish...To‘g‘risi men ham o‘zbekman. Ochig‘i ishonmayapman. Shuning uchun mana bu arab hayratda. Sizga so‘rayaptiki, “Iltimos, jannatni emas, yurtingizni tasvirlab bering!”

Jonibek SHUHRATOV

Manba: uza.uz

Kiritildi: 06:00 04.09.2019. O'qildi: 7203 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!