Libermanning ta’kidlashicha, AQSh jamoatchiligida Isroilni qo‘llab-quvvatlash darajasining pasayishi bunday qarorni ehtimoliy qilib qo‘yadi. Uning fikricha, Vashingtonning keyingi ma’muriyati Falastin davlatini tan olish bilan birga, uning BMTda to‘laqonli a’zo bo‘lishini ham qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Ayni paytda Libermanning o‘zi Falastin ma’muriyatini tugatish, Oslo kelishuvlarini bekor qilish hamda Isroil tomonidan ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohilning C zonasini anneksiya qilish tarafdori ekanini bildirgan.
Uning ta’kidlashicha, Tramp AQSh prezidenti bo‘lib turgan davrda Vashington Falastin davlatini bir tomonlama tan olishga qarshi an’anaviy siyosatini davom ettiradi. Biroq Trampning prezidentlik muddati tugagach, AQShning mazkur masaladagi yondashuvi o‘zgarishi mumkin.
Liberman, shuningdek, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni noqonuniy isroillik ko‘chmanchilarga nisbatan «yumshoq munosabat»da bo‘lishda tanqid qildi. Uning fikricha, ko‘chmanchilarning harakatlari Isroilning o‘ziga ham zarar yetkazmoqda, chunki bu holat Falastin masalasini xalqaro ommaviy axborot vositalari kun tartibida saqlab qolmoqda.
Falastin davlatini tuzishga muqobil variant sifatida Liberman ishg‘ol qilingan G‘arbiy Sohil hududida Isroil-Iordaniya konfederasiyasini tashkil etish taklifini ilgari surdi.