2026 yil avgustidan buyon neft va gaz tashuvchi tankerlarga qator kiberhujumlar uyushtirilgan. Hodisalar AQShga tegishli kemalarga qaratilgan maqsadli kiberkampaniyaning bir qismi bo‘lishi mumkin. Bu haqda Rossiyaning «Neftegaz» sanoat nashriga tayanib, Tasnim News xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, so‘nggi hodisa 22 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. O‘shanda Marshall orollari bayrog‘i ostida suzuvchi, suyultirilgan neft gazi (SNG) tashuvchi «Botan» kemasi kiberhujumga uchragan. U Singapurdan AQShning Texas shtatidagi Niderlend terminaliga yo‘l olgan edi.
Manbalarning aytishicha, hujum natijasida kemaning yukni kuzatish va boshqarish tizimlarida jiddiy uzilishlar yuzaga kelgan. Kapitan va kema egasi bu haqda AQSh sohil qo‘riqlash xizmatiga maxfiy ravishda xabar bergan. Biroq, xabarda ta’kidlanishicha, siyosiy mulohazalar va neft-gaz bozoridagi keskinlik sababli hodisani oshkor qilmaslik so‘ralgan.
Bundan avval, avgust oyining oxirida Liberiya bayrog‘i ostida suzuvchi «Vi-El Prosperiti» tankeri Gibraltar yaqinida kiberhujumga uchragan. Kema Texasga yetib kelgach, AQSh sohil qo‘riqlash xizmati va Federal xavfsizlik xizmati xodimlari uni tekshirib, kiberhujum sodir bo‘lganini tasdiqlagan.
Sentyabr oyi boshida esa Liberiya bayrog‘i ostidagi suyultirilgan tabiiy gaz tashuvchi «Vivit Afrika» kemasi Italiya qirg‘oqlari yaqinida kiberhujumga duch kelgan. Hodisa jiddiy texnik nosozlikka sabab bo‘lgan va kema bir necha hafta davomida yukini tushira olmagan.
Xabarda, shuningdek, «Koxaku» kemasi ham ushbu kiberhujumlar to‘lqinidan zarar ko‘rgan kemalar qatorida tilga olingan. Biroq undagi hodisaning tafsilotlari ochiqlanmagan.