AQShda demokratlar Senat ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Vakillar palatasidagi saylovlarda ham demokratlar g‘alaba qozonishi kutilmoqda
Qo‘shma Shtatlar Kongressiga oraliq saylovlarda demokratlar Senat ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Ular mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan saylovlarda respublikachilarni mag‘lub etib, tarixiy natijalarga erishdi, deya xabar bermoqda The Guardian.
Demokratlar Janubiy Karolina, Shimoliy Karolina, Ogayo, Texas, Ayova va Kanzas shtatlarida o‘z nomzodlarining g‘alabasi orqali Senat ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Endilikda 100 ta o‘rindan kamida 51 tasini demokratlarga tegishli.
Vakillar palatasidagi saylovlarda ham demokratlar g‘alaba qozonishi kutilmoqda. Shunday bo‘lsa, demokratlar 2027 yildan boshlab Kongressning har ikki palatasini nazorat qiladi. Bu 2022 yildan beri ilk bor amalga oshishi kutilmoqda.
Texasda Demokratlar partiyasi nomzodi Jeyms Talariko prezident Donald Tramp qo‘llab-quvvatlagan respublikachi Ken Pakston ustidan g‘alaba qozondi. Shu tariqa 1988 yildan beri ilk bor demokratlar Texas shtatidan Senatga saylandi. Ogayo shtatida demokratlardan sobiq senator Sherrod Braun amaldagi respublikachi senator Jon Xastedni mag‘lub etdi. Shimoliy Karolinada shtatning sobiq gubernatori Roy Kuper Maykl Uotli ustidan g‘alaba qozondi.
Kongressning har ikki palatasi ustidan nazoratning demokratlar qo‘liga o‘tishi Vashingtondagi siyosiy kuchlar nisbatini sezilarli darajada o‘zgartiradi. Endi ular prezidentning, jumladan, federal sudyalik lavozimlariga nomzodlarini tasdiqlashga to‘sqinlik qilishi hamda Tramp ma’muriyati faoliyati ustidan parlament nazoratini kuchaytirishi mumkin.