Sotheby’s kimoshdi uyi 16 iyul kuni Nyu-Yorkda noyob eksponat — Marsdan Yerga tushgan eng katta meteoritni sotuvga qo‘yadi, deb xabar bermoqda Bild.
Qayd etilishicha, NWA 16788 nomini olgan toshning og‘irligi 25 kilogrammni tashkil etadi va uning narxi savdolar davomida 4 million dollargacha ko‘tarilishi mumkin.
Noyob kosmik jism 2023 yili Nigerdan topilgan. Olimlarning hisoblashicha, u asteroidning kuchli to‘qnashuvi natijasida Marsdan ajralgan va uzoq yillardan keyin Yerga meteorit sifatida tushgan.
— Bunday topilmalar juda kam uchraydi: butun dunyo bo‘ylab Marsga tegishli meteoritlardan qariyb 400 ta mavjud bo‘lib, ularning aksariyati kichik o‘lchamda, — deyiladi xabarda.
Sotheby’s ushbu toshni «kolleksionerlar uchun xazina», deb atadi. Kimoshdi uyining ta’kidlashicha, NWA 16788 — shunchaki og‘ir tosh emas, balki yaxshi saqlanib qolgan meteoritdir.