AQSh Davlat departamentining o‘ndan ortiq yuqori martabali amaldorlari iste’foga chiqish talablari bilan yuzlashmoqda, deb xabar bermoqda CNN manbalarga tayanib. Qayd etilishicha, yangi ma’muriyat kelganidan keyin ayrim lavozimlarda o‘zgarishlar odatiy hol bo‘lsa-da, bu holatda g‘ayrioddiy jihat shundaki, ishdan bo‘shatish to‘g‘risidagi arizalar bo‘limning yangi rahbarlikka rasman o‘tishidan oldin va yangi rahbarlar tasdiqlangunga qadar olingan.
The Washington Post nashrining yozishicha, Tramp jamoasi ham AQSh Qurolli kuchlarini qayta qurishni boshlaydi. Xususan, ichki xavfsizlik vaziri vazifasini bajaruvchi Benjamin Xaffman AQSh qirg‘oq qo‘riqlash qo‘mitasi komendanti admiral Linda Faganni ishdan bo‘shatdi. Yozuvda ishdan bo‘shatish sababi ko‘rsatilmagan. Fox News bilan suhbatda ichki xavfsizlik departamenti vakilining aytishicha, bu harakat Faganga "ishonch yo‘qolgani" va chegara xavfsizligi bilan bog‘liq xavotirlar bilan bog‘liq. WP ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh armiyasida keyingi o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, AQShning 37 departamenti xodimlarini ifodalovchi Milliy hukumat xodimlari kasaba uyushmasi (NTEU) sudda Donald Trampning amaldorlarni ishdan bo‘shatish himoyasini bekor qilish haqidagi farmoyishiga qarshi chiqadi. NTEU rahbari Dorin Grinvaldga ko‘ra, Tramp ko‘plab davlat xodimlarini unga o‘xshash qarashlarga ega bo‘lgan sodiq odamlar bilan almashtirmoqchi. Trampning farmoni “Konstitusiyani saqlash va o‘z vataniga xizmat qilishga qasamyod qilgan federal ijroiya mansabdor shaxslariga siyosiy sodiqlik testlarini o‘tkazishni” talab qiladi”, — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Bloomberg.