Bugun 23 yanvar, 2025 yil, payshanba

КИР

Amir Temurning 11 tonnalik bitiktoshi haqida bilarmidingiz?

Amir Temurning 11 tonnalik bitiktoshi haqida bilarmidingiz?

Sankt-Peterburgdagi Ermitaj muzeyida Amir Temur davriga oid og‘irligi 11,2 tonna bo‘lgan bitiktosh saqlanmoqda. Mazkur yodgorlik 1937 yilda Markaziy Qozog‘istonning Ulug‘tog‘ hududidan topilgan. Bitiktoshda Sohibqironning Dashti Qipchoqqa yurishi haqida yozuv qoldirilgan. Unda Temurbekning 1391 yilda To‘xtamishxonga qarshi 200 ming askar bilan qilgan yurishi haqida xotira qoldirilgan.

“Tarix yetti yuz to‘qson uchta, qo‘y yili yozning ora oyi Turonning sultoni Temurbek ikki yuz ming cherik bila islom uchun To‘xtamishxonni(ng) xonig‘a yuridi. Bu yerga yetib, belgu bo‘lsun teb bu yo‘bani qo‘pardi. Tangri nusrat bergay, Inshaolloh. Tangri el kishiga rahmat qilgay, Bizni duo bila yod qilg‘ay”, deb yozilgan matnda.

Yodgorlik Amir Temur qo‘shinlarining qudratini, uning tarixiy missiyasi va islomiy qadriyatlarga sadoqatini aks ettiradi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Amir Temur Ulug‘tog‘ning Oltin cho‘qqi nomli tog‘ qirralariga o‘z qo‘shinini hordiqqa qo‘yib, bu yurishni yod etish uchun maxsus xotira yodgorligi barpo etishga qaror qilgan. Jangchilar xarsang toshlarni yig‘ib, usta toshtaroshlar bu yerda bitik yasashgan.

Ermitaj muzeyida bu bitiktosh bilan bir qatorda temuriylar davriga oid boshqa noyob ashyolar ham saqlanadi. Ular orasida Amir Temurning o‘g‘li Mironshohning nomi bitilgan xrizolitdan yasalgan muhr, Gavharshodbegimga tegishli nefrit uzuk va boshqa ko‘plab tarixiy buyumlar mavjud.

Kiritildi: 14:57 22.01.2025. O'qildi: 1657 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!