AQSh federal byudjeti taqchilligi iyul oyida 432 milliard dollarga yetdi. Bu o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 48 foizga ko‘p. Mazkur ko‘rsatkich iyul oylari uchun rekord hisoblanadi va 2021 yil mart oyidan, ya’ni koronavirus cheklovlari davridan beri qayd etilgan eng katta oylik taqchillikdir. Bu haqda Reuters AQSh Moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Idora ma’lumotiga ko‘ra, 2026 moliyaviy yili boshidan beri byudjet taqchilligi 1,799 trillion dollarga yetgan va 2025 moliyaviy yilining to‘liq ko‘rsatkichidan ham oshib ketgan. Holbuki, joriy moliyaviy yil yakunlanishiga hali ikki oy bor.
Iyul oyida davlat xarajatlari 22 foizga o‘sib, shu oy uchun rekord darajadagi 766 milliard dollarni tashkil qildi. Tegishli hisob-kitoblar inobatga olinganda, taqchillik 333 milliard dollar bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga ko‘p.
Shu bilan birga, bojxona tushumlari manfiy ko‘rsatkich qayd etdi. 33,38 milliard dollarlik bojlar qaytarib berilgach, sof mablag‘ chiqimi 8,55 milliard dollarni tashkil qildi. Bu boj to‘lovlarini qaytarish hajmi tushumlardan oshib ketayotgan ketma-ket uchinchi oydir.
Bunday qaytarishlarning asosiy sababi AQSh Oliy sudining prezident Donald Tramp tomonidan o‘tgan yili joriy etilgan keng qamrovli favqulodda bojlarni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori bo‘lgan.