Eron sohillari yaqinidagi Fors ko‘rfazida katta neft dog‘i paydo bo‘ldi. Uning maydoni bir sutka ichida qariyb 200 kvadrat kilometrdan 400 kvadrat kilometrgacha kengaygan.
Spiegel nashri ma’lumotlariga ko‘ra, ifloslanish 8 sentyabr kuni AQSh harbiylari tomonidan cho‘ktirilgan Riesco tankeri bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
240 metr uzunlikdagi kema Zimbabve bayrog‘i ostida suzgan. AQSh harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, tanker Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bilan bog‘liq bo‘lgan. Uning so‘nggi qayd etilgan joylashuvi hozirda neft sizib chiqishi aniqlangan hudud yaqinida bo‘lgan.
Ekologlarni neft Eron sohillariga yetib borishi xavfi tashvishga solmoqda. Bu hududda umumiy maydoni qariyb 150 kvadrat kilometr bo‘lgan tabiiy qo‘riqxonalar joylashgan. Ular baliqlar, dengiz toshbaqalari, suv ilonlari va ko‘chib yuruvchi qushlarning yashash muhiti hisoblanadi.
Al Jazeera ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlanganidan buyon Hurmuz bo‘g‘ozi, Fors va Ummon qo‘ltiqlari hududlarida kamida 75 ta kemaga hujum qilingan va kamida 21 nafar dengizchi halok bo‘lgan.
Janubiy Florida universiteti tadqiqotida esa 2026 yil mart oyida Fors ko‘rfazidagi neft dog‘lari maydoni bir yil avvalgiga nisbatan qariyb to‘rt barobar katta bo‘lgani aniqlangan.