2026 yil sentyabr boshida Yamanda 2022 yildan beri nisbatan tinch turgan frontlar yana jiddiy harakatga keldi. Xusiylar g‘arbdagi Qizil dengiz sohili bo‘ylab hujumni kuchaytirib, Moxa (Al-Mokha) strategik portini egalladi va Bob al-Mandeb bo‘g‘ozi tomon siljidi. 11 sentyabr kuni Reuters manbalari Xusiylar Dubab shahriga — Bob al-Mandebning bevosita yonidagi Perim hududiga yetib borganini xabar qildi. Bu juda muhim, chunki Bob al-Mandeb — Qizil dengizdan Aden ko‘rfaziga chiqish eshigi. U orqali Yevropa–Osiyo o‘rtasidagi ulkan miqdordagi yuk tashiladi.
Xusiylar kim?
Xusiylarning rasmiy nomi «Ansor Alloh». Ular Yamanning shimolidagi zaydiy shialar orasidan chiqqan siyosiy-harbiy harakat. Ularning asosiy maqsadlari:
- Yamanda siyosiy hokimiyatda katta ulushga ega bo‘lish;
- o‘zlari korrupsiya va tashqi ta’sir deb hisoblaydigan tizimni yo‘qotish;
- Saudiya ta’sirini Yamandan chiqarish;
- Isroilga qarshi kurashish.
Eron Xusiylarni qo‘llab-quvvatlaydi — qurol, texnologiya, razvedka va boshqa yordamlar beradi. Ammo «Xusiylar Eronning qo‘g‘irchog‘i, nima desa shuni qiladi» deyish xato. Ular o‘zining Yamanga oid siyosiy va harbiy maqsadlariga ega.
Urush aslida qanday boshlangan?
2011 yil — Arab bahori Yamanga ham yetib keldi. Uzoq yillar mamlakatni boshqargan prezident Ali Abdulla Solih hokimiyatdan ketdi. Uning o‘rniga Abdurabbuh Mansur Hodiy keldi. Lekin mamlakatda iqtisodiy, siyosiy va diniy ziddiyatlar hal bo‘lmadi. 2014 yilda Xusiylar Yaman poytaxti San’oni egalladi. Hodiy hukumati mamlakatning katta qismini nazorat qila olmay qoldi. Shundan keyin Yaman amalda bir nechta kuchlar o‘rtasida bo‘linib ketdi.
Saudiyaga nima gap bor bu yerda?
Yaman Saudiya Arabistonining janubiy qo‘shnisi. Saudiya uchun Xusiylarning hokimiyatga kelishi ikki sabab bilan xavfli edi: Birinchisi — xavfsizlik. Xusiylar Saudiya chegarasiga yaqin hududlarni nazorat qilmoqda. Ikkinchisi — Eron. Rasmiy Ar-Riyod Xusiylarni Eronning Yamandagi ta’sir vositasi deb ko‘radi. Shuning uchun 2015 yilda Saudiya boshchiligidagi koalisiya Yamanga harbiy aralashdi va Xusiylarga qarshi urush boshladi. Shunday qilib, ichki Yaman urushi asta-sekin Saudiya–Eron proksi raqobatiga ham aylandi.
2022 yilda Xusiylar va Saudiya o‘rtasidagi frontlar deyarli muzlagan edi. Katta janglar to‘xtagan. Lekin 2026 yilda mintaqadagi katta geosiyosiy vaziyat o‘zgardi. Eron bilan AQSH/Isroil o‘rtasidagi urush kuchaydi. Xusiylar ham mintaqaviy mojaroga yana faolroq aralashdi. Shundan keyin Xusiylar va Saudiya qo‘llab-quvvatlayotgan Yaman kuchlari o‘rtasidagi munosabat yana keskinlashdi. Iyul oyida San’o aeroporti atrofidagi voqealardan keyin Xusiylar Saudiyaga qarshi raketalar bilan javob berdi. Bu 2022 yildan beri eng jiddiy eskalasiyalardan biri bo‘ldi.
Saudiya uchun vaziyat juda noqulay.
Ular bir tomondan Yamanda katta urushni qayta boshlashni xohlamaydi. Chunki Saudiya 2022 yildan keyin Xusiylar bilan kelishuvga erishishga harakat qilgan. Ammo Xusiylarning Bob al-Mandebga yaqinlashishi Riyod uchun katta xavf. Xusiylar Saudiya hududiga ham raketa va dronlar bilan zarbalar bermoqda. 11 sentyabr kuni Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya qirolzoda Muhammad bin Salmon Tramp bilan ikki marta telefonlashib, Xusiylarga qarshi AQSh zarbalarini so‘ragan. Demak, vaziyat yana AQSH–Saudiya–Eron–Xusiylar qarama-qarshiligiga aylanishi mumkin.
Agar Xusiylar Bob al-Mandeb bo‘g‘oziga to‘liq yoki qisman nazorat o‘rnatsa, bu mojaro butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkin.
Chunki bu holatda Qizil dengiz va Sues kanali orqali yuk tashish yana keskin qisqarishi, kemalar Afrika atrofidan aylanib o‘tishi va neft narxining ko‘tarilishi ehtimoli bor. Shuning uchun bugungi Yaman voqealariga faqat «Yamandagi fuqarolik urushi» deb qarash noto‘g‘ri. Yaman hozir Eron–Saudiya raqobati, Isroil–G‘azo urushi va jahon savdo yo‘llari kesishgan nuqtaga aylanib qolgan. Bugungi eng jiddiy xavf esa Xusiylarning Bob al-Mandebga yaqinlashganidir.