AQSh va Isroil Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajodni hokimiyatga olib kelmoqchi bo‘lgan — The New York Times.
Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu rejaning bir qismi Ahmadinajod uy qamog‘ida saqlanayotgan Tehrondagi binoning qo‘riqchilariga zarba berishdan iborat edi.
"Urushning birinchi kunida Isroil harbiy-havo kuchlari aynan shunday zarbani amalga oshirgan. Sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarga ko‘ra, hujum oqibatida Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi harbiylari bo‘lgan bino vayron qilingan. Biroq Ahmadinajodning o‘zi ham jarohat olgan va shundan so‘ng, tuzumni o‘zgartirish rejasidan uning hafsalasi pir bo‘lgan", deb yozadi NYT.
Ushbu zarbadan keyin Ahmadinajod omma oldida ko‘rinish bermadi, ayni damda uning qayerda ekanligi noma’lum.
Gazetaning qayd etishicha, Eronning yangi yetakchisi sifatida Ahmadinajod nomzodining tanlanishi mantiqsizdek tuyuladi. U prezidentlik davrida (2005–2013 yillarda) Eron yadro dasturining ashaddiy tarafdori va Qo‘shma Shtatlarning keskin tanqidchisi bo‘lgan, shuningdek, Isroilni “dunyo xaritasidan o‘chirib tashlash”ga chaqirgan.
Keyinchalik Ahmadinajod “oyatullohlar rejimi”ni tanqid qilib, Eron hukumatini korrupsiyada ayblagan. Ahmadinajod uch marta — 2017, 2021 va 2024 yillarda — prezidentlik saylovlariga qo‘yilmagan, uning safdoshlari esa qamoqqa tashlangan edi.