AQSh va Isroil Erondagi energetika infratuzilmasini eng yirik bombardimonlardan birini rejalashtirmoqda.
Bu haqda xabardor manbalar CBS Newsga tayanib ma’lum qildi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar shu hafta oxiri boshlanishi mumkin. Isroilga xabar berilgan va u o‘z harakatlarini AQSh bilan muvofiqlashtirmoqda. Biroq, manbaning ta’kidlashicha, AQSh prezidenti Donald Tramp hali zarbalar uchun yakuniy tasdiq bermagan.
Shu bilan birga, Isroil rasmiysi CBS Newsga "Isroil to‘liq ko‘lamli harbiy harakatlarni qayta boshlash to‘g‘risidagi biron bir qarordan xabardor emas va Isroildan Eronga qarshi biron bir harbiy harakatga qo‘shilish so‘ralmagan" deb aytdi.
Manbalarga ko‘ra, harbiy zarba rejasi juma kuni Tramp va ma’muriyat a’zolari o‘rtasida uning Kemp-Deviddagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda muhokama qilingan. Prezidentning ba’zi siyosiy yordamchilari qat’iyan qarshi chiqishgan.
Jurnalistlar oldida Tramp shunday dedi: "Biz ularga juda qattiq zarba beramiz. Bir payt ular: "Biz bunga endi chiday olmaymiz", deyishadi".
Ikki manbaga ko‘ra, zarbalar, ehtimol, elektr stansiyalari va neftni qayta ishlash zavodlarini o‘z ichiga olgan energetika infratuzilmasini nishonga oladi.
"Prezident Tramp Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida aytganidek, Qo‘shma Shtatlar g‘alaba qozonadi va Eron uning boshqaruvi ostida yadroviy qurolga ega bo‘lmaydi", dedi Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt telekanalga.
Shu bilan birga, Pentagon matbuot kotibi Shon Parnell CBS News telekanaliga bergan intervyusida prezident yakuniy qaror qabul qilmaguncha, departament nishonlar haqida izoh bermasligini aytdi.