16 iyun kuni V Toshkent xalqaro investisiya forumi doirasida AQSH–O‘zbekiston biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylandi.
Forumning eng e’tiborli jihatlaridan biri AQShning 193 ta kompaniyasi ishtirok etgani bo‘ldi. O‘zbekiston investisiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov ta’kidlaganidek, bu ikki mamlakat munosabatlari tarixidagi eng yirik Amerika biznes delegasiyasi hisoblanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich Amerika biznes doiralari O‘zbekistonni nafaqat istiqbolli bozor, balki uzoq muddatli strategik sarmoyaviy hamkor sifatida ko‘rayotganini namoyon etadi.
Forum doirasida o‘tkazilgan yuqori darajadagi panel sessiyasida innovasiyalar, investisiyalar va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekiston hukumati va AQShning yetakchi moliyaviy institutlari hamda yirik kompaniyalari vakillari o‘rtasida amaliy muloqot tashkil etildi.
AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporasiyasi (DFC) bosh direktori Ben Blek Markaziy Osiyoning jadal rivojlanayotgan va 100 milliondan ortiq aholiga ega ulkan bozor ekanini ta’kidlab, Vashington mintaqa bilan faol va uzoq muddatli hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.
AQSh Eksport-import banki (EXIM) prezidenti Jon Yovanovich esa Amerika texnologiyalari, uskunalari va xizmatlarini O‘zbekiston iqtisodiyotiga keng joriy etish uchun hozirgi davr muhim imkoniyatlar yaratayotganini qayd etdi. U Toshkent investisiya forumida Amerika kompaniyalarining yuqori darajadagi ishtirokini ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yorqin belgisi sifatida baholadi.
Forumning alohida sessiyasi muhim foydali qazilmalar va ilg‘or texnologiyalarga bag‘ishlandi. Unda tog‘-kon sanoati, yuqori texnologiyalar, moliyaviy xizmatlar, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi va aviasiya sohalaridagi yetakchi xalqaro korporasiyalar rahbarlari ishtirok etib, O‘zbekistonda yangi loyihalarni amalga oshirish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlarini muhokama qildi.
FLSmidth kompaniyasining katta vise-prezidenti Piter Flanagan O‘zbekistonning tog‘-kon sanoati mamlakat iqtisodiyoti o‘sishining asosiy drayverlaridan biriga aylanayotganini ta’kidladi. U, xususan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida MOF-3 mis boyitish majmuasining ishga tushirilishi kabi yirik sanoat loyihalari xalqaro investorlar uchun yangi imkoniyatlar ochayotganini qayd etdi.
Tadbir yakunida sanoat, neft-gaz sohasi, moliya, aviasiya, geologiya-qidiruv ishlari, sun’iy yo‘ldosh aloqasi va raqamli infratuzilmani rivojlantirishga oid qator kelishuv va memorandumlar imzolandi. Bu hujjatlar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish hamda mamlakat iqtisodiyotiga zamonaviy texnologiyalar va yirik sarmoyalarni jalb qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.