Bugun 26 iyul, 2026 yil, yakshanba

КИР

AQSh O‘zbekiston aeroportlariga portlovchi moddalarni aniqlash uskunalarini taqdim etdi

AQSh O‘zbekiston aeroportlariga portlovchi moddalarni aniqlash uskunalarini taqdim etdi

AQSh hukumati O‘zbekiston xalqaro aeroportlariga aviasiya xavfsizligi va chegara nazoratini kuchaytirish maqsadida zamonaviy portlovchi moddalar izlarini aniqlash uskunalarini bepul taqdim etdi.

Uzbekistan Airports ma’lum qilishicha, AQShning Eksport nazorati va chegara xavfsizligi (EXBS) dasturi doirasida 12 ta LEIDOS rusumidagi portlovchi moddalar izlarini aniqlash analizatori topshirildi. Loyiha AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Transport xavfsizligi ma’muriyati (TSA) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Yangi uskunalar O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlarida yuklar, pochta jo‘natmalari, ro‘yxatdan o‘tkaziladigan yuklar va yo‘lovchilarning qo‘l yuklarini tekshirishda portlovchi moddalar izlarini aniqlash uchun qo‘llaniladi.

Uzbekistan Airports ta’kidlashicha, mazkur analizatorlar tekshiruv jarayonlarining samaradorligini oshirish, aviasiya xavfsizligini mustahkamlash hamda mamlakat aeroportlarining xalqaro aviasiya xavfsizligi standartlari va tavsiyalariga muvofiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.

«Amerikalik hamkorlarimiz bilan konstruktiv hamkorligimizni yuksak qadrlaymiz. Bu hamkorlik zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, aviasiya xavfsizligi xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish va aviasiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini bermoqda», — dedi Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi o‘rinbosari Behzod Yusupov.

Ma’lum qilinishicha, ushbu uskunalar AQSh hukumatining EXBS dasturi doirasida bepul taqdim etilgan. Dastur sherik davlatlarda eksport nazorati, chegara xavfsizligi va strategik savdo boshqaruvini rivojlantirishga ko‘maklashishga qaratilgan.

Uzbekistan Airports kelgusida ham AQSh muassasalari bilan bilim almashish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mamlakat aviasiya xavfsizligi infratuzilmasini modernizasiya qilish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Kiritildi: 16:43 29.06.2026. O'qildi: 1053 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!