Qo‘shma Shtatlarning Tayvandagi diplomati Reymond Grin orol parlamentini 40 milliard dollarlik harbiy byudjetni tezroq qabul qilishni so‘radi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina va Yaqin Sharqdagi urushlar tufayli "HIMARS" tizimlari, havo hujumidan mudofaa vositalari va dronlarga dunyoda talab juda katta. Agar byudjet kechiksa, Tayvan qurol yetkazib berish navbatidan quruq qolishi hech gap emas.
Tayvan prezidenti Lay Ching-te Xitoy tahdidiga qarshi turish uchun ham AQSh qurollarini sotib olish, ham mahalliy dronlarni ishlab chiqarishni kuchaytirish niyatida. Biroq parlamentdagi muxolifat hukumatdan xarajatlar bo‘yicha aniqroq hisobot talab qilib, byudjetni tasdiqlashni kechiktiryapti. Vashington vakili esa bu byudjetning qabul qilinishi xalqaro hamjamiyat uchun muhim signal bo‘lishini ta’kidladi.