Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp va Kongress Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson eng yirik sun’iy intellekt (SI) kompaniyalari rahbarlarining insoniyat yo‘q bo‘lib ketish xavfi sababli SI rivojini sekinlashtirish haqidagi chaqiriqlarini rad etdi. Ular AQSh bu soha bo‘yicha poygada Xitoydan ortda qolishdan xavfsiramoqda.
Kuni kecha Anthropic rahbari Dario Amodey, OpenAI rahbari Sem Altman va xAI rahbari Ilon Mask SI modellari imkoniyatlarini rivojlantirish sur’atlarini sekinlashtirishni yoqlab chiqishgan. Ular SI juda tez rivojlanib, insoniyatning mavjudligi uchun xavf tug‘dirishi mumkinligini aytishgan edi.
Biroq AQSh prezidenti bunga qo‘shilmadi. "Biz SI sohasida Xitoyni ortda qoldirmoqdamiz, biz dunyodagi texnologik jihatdan eng rivojlangan mamlakatmiz va ochig‘ini aytganda, shunday bo‘lib qolishini istayman. SI bo‘yicha kim g‘alaba qozonsa, o‘sha butun dunyoda g‘olib hisoblanadi", – dedi Tramp.
U bu kabi ogohlantirishlarni qandaydir "salbiy kuchlar" faoliyatining natijasi deb atadi. "Ular sodir bo‘lmaydigan narsalar haqida gapirmoqda", – dedi AQSh prezidenti.
Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson ham sun’iy intellektni shoshilinch ravishda tartibga solishga qarshi chiqdi. "Agar Kongress hozir shoshilinch majlis o‘tkazishga tushib, SI ni tartibga solishga harakat qilsa, biz Xitoyga poygani boy beramiz. Bu esa har bir amerikalik uchun xavfdir", – dedi u.