Vashingtondagi federal okrug sudi “Ozodlik radiosi” iltimosini qanoatlantirib, AQSh Global Media Agentligi (USAGM) tomonidan ushbu mediakorporasiyani moliyalashtirishni to‘xtatishga vaqtinchalik taqiq qo‘ydi.
“Ozodlik radiosi” saytida yozilishicha, sud mediakorporasiyaning agentlikka qarshi da’vosi to‘liq ko‘rib chiqilguncha USAGM radioni yopishga olib kelishi mumkin bo‘lgan choralar ko‘rishdan tiyilishi kerak, deb hukm chiqargan.
Bunday choralar qatoriga USAGM tomonidan “Ozodlik radiosi” Qo‘shma Shtatlar Kongressi ajratgan mablag‘lar asosida ishlashga imkon beruvchi grant shartnomasini bekor qilish qarori ham kiradi.
"USAGM rahbariyati oddiy bir jumla bilan, deyarli hech qanday asos keltirmasdan, “Ozodlik radiosi”ni faoliyatini to‘xtatishga majburlay olmaydi, hatto prezident shunday buyruq bergan taqdirda ham", — deya holatga izoh berdi sudya Roys Lambert.